AsosiyJamiyat

«Yosh kitobxon» tanlovining Toshkent shahar bosqichi g`oliblari aniqlandi

'«Yosh kitobxon» tanlovining Toshkent shahar bosqichi g`oliblari aniqlandi'ning rasmi

Buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o`rganish va targ`ib etish, kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish, eng muhimi, yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishni ko`zlagan «Yosh kitobxon» tanlovining Toshkent shahar bosqichi bugun o`z nihoyasiga etdi. Joriy yilda ikkinchi marta o`tkazilayotgan «Yosh kitobxon» respublika tanlovining Toshkent shahar bosqichi 26-27-oktyabr kunlari Yoshlar ijod saroyida bo`lib o`tdi. Bu yil ko`p sonli yoshlarning takliflari asosida tanlovga 10-14 yosh toifasi ham qo`shildi. Bu esa kitob o`qishga qiziquvchilar sonini yanada oshirmoqda.

27-oktyabr kuni Toshkent shahridagi 15-19 yosh hamda 20-30 yosh toifasidagi ishtirokchilar «Yosh kitobxon» tanlovining hududiy bosqich g`olibligi uchun bellashishdi. Hududiy bosqich «Buyuk mutafakkir va adib» va «Badiiy asarlar bilimdoni» shartlari asosida o`tkazildi.

Hakamlar hay`ati a`zolari baholash mezonlariga ko`ra birinchi shart bo`yicha ishtirokchilar javobini adibning tavallud sanasi, joyi, asarlarining nomi va ularning mazmun-mohiyati, e`tirof etilishi hamda boshqa jihatlari asosida baholashdi.Ikkinchi shartni baholashda asosiy e`tibor badiiy asar mazmun-mohiyatini ochib berilishi, asardagi bosh g`oyaning to`g`ri sharhlanishi, aniq misollar va dalillar keltirilishi, adabiy til qoidalariga amal qilinishi, shuningdek, javoblarni bugungi davr muammolari bilan bog`lanishiga qaratildi.

«Yosh kitobxon» tanlovining Toshkent shahar bosqichida 10-14 yosh toifasidagi 9 nafar, 15-19 yosh toifasi bo`yicha 5 nafar, 20-30 yosh toifalarida 4 nafar ishtirokchilar o`z bilimlarini sinab ko`rishdi.

Saralash natijalariga ko`ra, tanlovning 10-14 yosh toifasidagi ishtirokchilari orasida Uchtepa tumani 193-sonli umumta`lim maktabi o`quvchisi Salohiddin Qahhorov mutlaq g`olib deb topildi. 2-o`rin Sirg`ali tumani 104-sonli umumta`lim maktabi o`quvchisi Maftuna Arziqulovaga nasib etdi. 3-o`rinni esa Bektemir tumani 290-sonli umumta`lim maktabi o`quvchisi Shahribonu Oqmamatova egalladi.

15-19 yosh toifasidagi qatnashchilarning bellashuvida Mirobod tumani 328-sonli maktab o`quvchisi Abdulazizova Mahbuba1-o`rinni egalladi. Qolgan ishtirtokchilar har ikkala bosqichda ham o`rtacha hisobda 55 balldan kam to`planganligi sababli 2-3-o`rinlarga munosib g`olib topilmaganligi qayd etildi.

20-30 yosh toifasidagi ishtirokchilar orasidan Chilonzor tumanidan Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti talabasi Shohsanam Xolboeva 1-o`rinni, Uchtepa tumani O`zbekiston Davlat jahon tillari universiteti 3-bosqich talabasi Saodat Abduraxmonova 2-o`rinni egalladi. Baholash natijalariga ko`ra 3-o`ringa loyiq ishtirokchi topilmadi. Har uchala toifa bo`yicha 1-o`rin g`oliblari tanlovning respublika bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdi.

«Yosh kitobxon» tanlovining hududiy bosqichi g`oliblarini taqdirlash marosimida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan 1-o`rin sohibiga noutbuk, 2-o`rin g`olibiga planshet, 3-o`rin egasiga kitoblar jamlanmasi taqdim etildi. Shuningdek, tanlovning barcha ishtirokchilariga kitoblar, diplom va sertifikatlar sovg`a qilindi.

Shahnoza Nurullaeva

    Boshqa yangiliklar