AsosiyJamiyat

Surishtiruv: To`rt qizchaning zo`rlangani rostmi?

'Surishtiruv: To`rt qizchaning zo`rlangani rostmi?'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Sergeli tumanida to`rt nafar voyaga etmagan maktab o`quvchisi zo`rlanib, so`ngra ikki nafari o`ldirilganligi haqidagi ma`lumotlar tarqaldi. Xabarda qayd etilishicha, ushbu tumandagi 264-umumta`lim maktabi yaqinidan 6 yashar qizaloqning, shuningdek, tumandagi qurilish ob`ektidan 14 yoshli qizning jasadi topilgan. Qizchalarning ikki nafari esa zo`rlangan, ammo tirik qolgan. Bu xabarni eshitgan ota-onalar qanchalik vahimaga tushganini tasavvur qilish qiyin emas.

Yuqoridagi holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan zudlik bilan surishtiruv ishlari olib borildi. Natijada to`rt qizning zo`rlangani haqidagi xabar noma`lum shaxs tomonidan tarqatilgan bo`lib, yolg`on xabar ekanligi aniqlandi.

Irina SAYFUTDINOVA, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot-multimediya markazi boshlig`i o`rinbosari:

— Bu yil poytaxtimizda voyaga etmaganlarning zo`rlangani yoki o`ldirilgani haqida hech qanday jinoyat qayd etilmagan. Shu bois maktab o`quvchilari bo`lmish ushbu qizlar haqidagi ma`lumot haqiqatga to`g`ri kelmaydi.

Sergeli tumanidagi 264-umumta`lim direktori Dilfuza MADRAHIMOVA bilan suhbatlashganimizda bu mudhish xabarga to`liq izoh berdi:

— 2015 yili shunday holat haqiqatan ham tumanimizda ro`y bergan. Qotillik maktab hududidan tashqarida sodir etilib, jasad mahalladagi xonadonlar yaqiniga tashlab ketilgan. Xonadon egasi tashlandiq narsani axlat deb o`ylab, uni maxsus axlat tashlanadigan joyning panjarasi ostiga olib borib qo`ygan. Shundan so`ng ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan bir hafta davomida surishtiruv ishlari olib borilgan. Surishtiruv natijalariga ko`ra, aybdor shaxslar topilib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar 2015 yilga oid bo`lib, yaqin orada bu kabi jinoyat tumanimizda sodir etilmadi.

Yangi o`quv yilida maktabimizda 675 nafar o`quvchi bilim olyapti. Bilim maskani yon-atrofida zavod va fabrikalar ko`p bo`lgani, transportlar gavjum ekanligi bois ota-onalar farzandlarini o`zlari maktabga olib kelib, olib ketishadi. Shu sababli ham o`quvchilarimiz doimiy nazoratda. Bu kabi ko`ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida har bir oilani, ota-onani bolalarning darsdan keyingi kun tartibini qat`iy nazorat qilishga chorlaymiz.

Norasida go`daklarning o`limi haqidagi mash`um xabarlar har qanday inson qalbini larzaga soladi. Garchi yolg`on xabar bo`lsa-da, bu kabi vahshiyliklar haqidagi uzunquloq gaplar ongimiz, ruhiyatimizga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Olimlar o`tkazgan tadqiqotlarga ko`ra, fitna va yolg`onlarga erkaklardan ko`ra ayollar tez ishonar ekan. Ayniqsa, yosh bolalar haqidagi qo`rqinchli xabarlardan eng birinchi onalar sarosimaga tushishadi.

Dilfuza ABDULLAEVA, yosh ona:

— Telegram messenjerida Sergeli tumanida o`ldirilgan qizlar haqidagi xabarni o`qib, juda ham yuragim achishdi. Voyaga etmagan ikki farzandim bilan shu yilning fevral oyida Sergeli tumanidagi ko`p qavatli yangi uyga ko`chib o`tganmiz. O`zim kunduzi ishda bo`lganim uchun o`g`illarim maktabdan so`ng uyda yolg`iz qolishi xayolimga keldi. Farzandlarimni doimiy nazoratda ushlasam-da, bu kabi qo`rqinchli ma`lumotlar meni vahimaga sola boshladi. O`g`limning sinf rahbariga qo`ng`iroq qilganimda yolg`on xabarlarga ishonmasligimni, Sergeli tumanida bunday jinoyat sodir etilmaganini ma`lum qildi.

Adiba G`ULOMOVA, psixolog:

— Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan xabarlar, ayniqsa, ular yosh bolalarning o`limi haqida bo`lsa, ruhiyatga salbiy ta`sir ko`rsatishi muqarrar. Aslida, bu kabi yolg`on ma`lumotlarni saviyasi va ma`naviyati past kishilar tarqatadi. Bunga javoban, xalqimiz hushyor munosabatda bo`lishi kerak. Eng asosiysi, yolg`onni rostdan ajrata olish darkor. Avvalo, yuqoridagi xabarlarni eshitganda odamlar o`zini qanday tutishi kerak, degan savol tug`iladi. To`g`ri, bunday hollarda loqayd va e`tiborsiz bo`lishni tavsiya etmaymiz. Shu bilan birga, vahimaga tushib, shov-shuv qilmaslik ham kerak. Har qanday vaziyatda ham o`zimizni qo`lga olib, ongli ravishda ish tutishimiz lozim. Ayniqsa, muammo farzandlarga borib taqalsa, hushyorlik va ehtiyotkorlikni qo`ldan bermay, to`g`ri qaror chiqarishga odatlanishimiz darkor.

Gulyuz Bahodir qizi

    Boshqa yangiliklar