1

Qo`shmachining savdosi pishmadi

Jinoyat 31.10.2018, 21:45
Qo`shmachining savdosi pishmadi

1976 yil Sherobod tumanida tug`ilgan, beva, bir nafar farzandi bor, ma`lumoti o`rta, muqaddam sudlangan Karima Hasanova (maqoladagi ism–shariflar o`zgartirildi) Mirobod tumani IIB JQ va UJQKB xodimlari o`tkazgan tadbir davomida qo`lga olindi. Ma`lum bo`lishicha, sudlanuvchi poytaxtga kelib–ketib yurib, qo`shmachilik bilan shug`ullangan.

«Mijozlarim ko`p»

Poytaxtga tez–tez kelib–ketib yurgan K.Hasanova fohishalik bilan shug`ullanuvchi qizlarni yaxshi tanir edi. Kim qaysi tumanda yashashi, bu ishda necha yillik tajribaga egaligi, narx–navo, xullas, qo`shmachilikni kasb qilganlargina bilishi mumkin bo`lgan ma`lumotlar unda etarlicha bo`lgan.

K. Hasanova navbatdagi mijozning buyurtmasini etkazib berayotganida qo`lga olindi.

O`sha kuni K.Hasanovaga o`zini Umid To`raev deb tanishtirgan yigit qo`ng`iroq qilib, jinsiy yaqinlik qilish uchun qizlar kerakligini aytadi. «Muammo yo`q, ukam, nechta bo`lsin?», deya savdoni boshlagan qo`shmachi «xolis xizmat” necha so`m bo`lishini qistirib o`tadi. U.To`raev ayolning shartini qabul qiladi va ular Mirobod tumanida joylashgan savdo markazi yonida uchrashishga kelishishadi.

K.Hasanova buyurtmachining talabidan kelib chiqib, fohishalik bilan shug`ullanuvchi qizlarning bir nechtasiga qo`ng`iroq qiladi.

Qo`shmachi ayol galdagi «operasiya» uchun N.Karimova, M.Po`latova va J.Sattorovani tanlaydi. Qizlar bilan qo`ng`iroqlashib, uchrashuv joyi, vaqtini aytadi.

23:00lar atrofida K.Hasanova buyurtmachi bilan uchrashadi. «Kaptiva» rusumli mashinada kelgan mijoz uch qizdan ikkitasini tanlab oladi. Qo`shmachi xotin J.Sattorova va N.Karimovaning ta`rifini keltirib, har biri uchun 100 000 so`m so`raydi. U.To`raev xamyonidan 200 000 so`m chiqarib, K.Hasanovaga bergach, qizlar mashinaga o`tirishadi. Oldi– berdi pishdi, endi K.Hasanova mijozga ma`qul kelmagan qiz – M. Po`latovani «Matiz» rusumli mashinaga o`tkazadi. Hammalari tarqalmoqchi bo`lib turishganida fuqarolik kiyimidagi ichki ishlar xodimlari kelib, ularni to`xtatishadi.

Qolganini bilasiz, qo`shmachi xotin ham, o`z ixtiyori bilan fohishalik bilan shug`ullanayotgan qizlar ham tergovga jalb qilindi.

Aniqlanishicha, qo`shmachilik – K.Hasanovaga yangilik emas. U avval ham qizlarni fohishalikka boshlab, buning uchun yaxshigina haq olib kelgan.Muqaddam sudlangan bo`lishiga qaramay, o`zi uchun tegishli xulosa chiqara olmagan ayol yana qora kursidan joy oldi. Achinarlisi, uning qaramog`ida bir farzandi bor.

Moddiy qiyinchilik sababmi?

Sudda guvoh sifatida ko`rsatma bergan M.Po`latova fohishalik bilan shug`ullanishi sababini – moddiy tomondan qiynalganligi bilan izohlagan. Qizig`i, uning bu vaji hech qanaqasiga o`zini oqlamadi. Negaki, bu ishni o`ziga kasb qilib olgan qizlarning aksariyati hunar o`rganish, ishga joylashish, mehnat qilib pul topish haqida umuman o`ylashmaydi.

Fohishalikni kasb qilganlar orasida shundaylar ham borki, «Bir–ikki so`m ishlab, uy–joy qilishga etadigan pul qilib olsam, bu ishni yig`ishtiraman», deydi. Biroq ular bilishmaydiki, haromdan kelgan pul hech qachon buyurmaydi. Hatto keyinchalik bu ishni bas qilgan taqdirda ham uni tanigan-bilganlar uchun tanasini sotgan ayol bo`lib qolaveradi.

Sudda guvohlik bergan N.Karimova va J.Sattorova ham K.Hasanovaning taklifini faqat moddiy etishmovchilik sabab qabul qilganliklarini bildirishgan. Aniqlanishicha, ular avvaldan bu ish bilan shug`ullanib kelishadi. Buyurtmachi bilan uchrashuv oldidan K.Hasanova qizlarni bir joyga yig`ib, ularga mijoz borligini aytgan. So`ng taklif etilishi rejalashtirilayotgan pulda uning ham ulushi borligini qat`iy tayinlagan.

Dastlabki tergovda so`roq qilingan va ko`rsatmasi taraflarning roziligi bilan o`qib berilgan guvoh U.To`raev Mirobod tumani IIB boshlig`iga qo`shmachilik bilan shug`ullanayotgan ayol haqida yozma xabar bergan. Qo`shmachi xotinga qarshi qonuniy chora ko`rilishini so`ragan U.To`raev arizasida yozilgan holatni tasdiqlash maqsadida K.Hasanovaga qo`ng`iroq qilib, o`zini mijoz sifatida tanishtirgan.

Karima Hasanova O`zbekiston Respublikasi JKning 131-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati

hamda jinoyat ishlari bo`yicha Mirobod tumani sudi sudyasi

Bobirjon Inog`omov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1