O`zbekistonda shafran o`simligi plantasiyalarini tashkil etish maqsadida «Agrobank», «O`zbekoziqovqatxolding», «O`zfarmsanoat», O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi va Vrand Investment Group jamiyati hamkorligida «Shafran ilmiy tadqiqot markazi» tashkil etildi, deb yozadi O`zA.
Mazkur markaz 2017 yilning avgust oyida Gollandiyaning yirik kompaniyasidan 36,4 tonna tuganak piyozlar xarid qilgan edi. O`z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida za`faron (shafran) plantasiyalarda ekilgan bu tuganak piyozlarning 95—98 foizi ko`kardi. Dastlabki yilda ularning qariyb 40 foizi gulga kirdi. Demak, ular mamlakat iqlimiga moslashmoqda.
O`tgan yili Namangan, Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatining turli hududlariga 12,5 gektarga ekma za`faron plantasiyalari tashkil etildi. Joriy yilda Izboskan tumanida 5 gektarga, Shahrisabz tumanida 10 gektar va Yuqori Chirchiq tumanida 21,5 gektarga shafran ekildi.
Shuningdek, joriy yilda o`tgan yili ekilgan ekma za`faron plantasiyalaridan 17 tonna tuganak piyozlar kovlab olindi. Ayni vaqtda ular O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi tizimidagi 13 ta hududiy o`rmon xo`jaligida yangi plantasiyalar tashkil etish uchun ekildi.
Ayni vaqtda esa za`faron plantasiyalarining 22,5 gektari ikkinchi vegetasiya davrini, 40 gektari esa birinchi vegetasiya davrini o`tamoqda.






