Bugun, 6 noyabr kuni O`zbekiston Matbuot va axborot agentligida Shvesariyaning “Muller Martini” kompaniyasi savdo menejeri G.Samoylov hamda ushbu tashkilot mutaxassislari ishtirokida O`zbekistonda faoliyat yurituvchi davlat va nodavlat nashriyot-matbaa ijodiy uylari xodimlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
O`zbekistonlik mutaxassislarni o`qitish masalasi joriy yilning 3 oktyabr kuni O`zMAA Bosh direktori Laziz Tangriev bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda kelishib olingan edi. Mazkur uchrashuvda Laziz Tangriev o`zbekistonlik matbaachilar “Myuller Martini”ni yaxshi bilishini, chunki aynan ushbu kompaniya tomonidan o`rnatilgan zamonaviy texnik uskunalardan yurtimizdagi bir nechta nashriyot-matbaa ijodiy uylarida foydalanilayotganligini, kelgusida O`zbekiston tomoni nashr qilish va matbaachilikni rivojlantirishda hamkorlikni yanada mustahamlashdan manfaatdor ekanligini ta`kidlab o`tgan edi.
- Ma`lumki, bugungi kunda 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirish beshta uchtuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi asosida jamiyatning barcha yo`nalishlarda o`zgarishlar amalga oshirilmoqda - deydi O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktor o`rinbosari O`ktam Xamraev. - Albatta, bu jarayon nashriyot-matbaa tizimini ham chetlab o`tgani yo`q. Bugun zamonning o`zi rivojlanishni, sohaga innovasion g`oyalarni, texnologiyalarni tatbiq etishni talab qilmoqda. “Muller Martini” kompaniyasi bilan yo`lga qo`yilgan va tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlik ana shu rivojlanish, nashriyot-matbaa korxonalari uchun zamonaviy texnik uskunalarni xarid qilish, ularni o`rnatish hamda mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash yo`lidagi muhim qadamdir, - deydi O`ktam Xamraev.
“Muller Martini” kompaniyasi savdo menejeri G.Samoylov seminar qatnashchilariga kompaniya faoliyati, uning yo`nalishlari hamda kompaniyaning so`nggi yutuqlari haqida batafsil ma`lumot berib, ishtirokchilarni texnik uskunalarning ishlash uslubi, ulardan foydalanish qoidalari bilan yaqindan tanishtirdi.
- O`zbekistonda faoliyat yurituvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan hamkorlikning yo`lga qo`yilishi va yanada mustahkamlanishi bizning kompaniya uchun juda muhim, - deydi G.Samoylov.- Chunki O`zbekiston bizning asosiy sheriklarimizdan biri hisoblanadi. Shu o`rinda “Muller Martini” kompaniyasining Rossiya Federasiyasi, shuningdek, MDHga a`zo boshqa davlatlarda ham faoliyat olib borayotganligini, kompaniya kitob mahsulotlarini yig`ish, tikish va muqovalash ishlarini bajaruvchi avtomatlashtirilgan texnik uskunalarni ishlab chiqarish, o`rnatish va ishga tushirish bilan shug`ullanishini ta`kidlab o`tmoqchiman. Shu yilning 3 oktyabr kuni bo`lib o`tgan uchrashuvda ta`kidlaganimdek, biz zamonaviy texnik uskunalarni nafaqat o`rnatamiz, balki mahalliy mutaxassislarni qisqa kurslarda o`qitish bilan ham shug`ullanamiz, shuningdek, nashriyot ishida foydalaniladigan mashinalar uchun ehtiyot qismlarni etkazib berishda ham hamkorlikka tayyormiz.

Seminarda ishtirok etgan nashriyot-matbaa korxonalari rahbarlari, xodimlari malakali mutaxassislardan “Muller Martini” kompaniyasi faoliyati, texnik uskunalar hamda ulardan foydalanish to`g`risida batafsil ma`lumotlar olishdi.
Ma`lumot uchun:
Ushbu kompaniya chop etishdan keyingi jarayonlar (bloklab tikish, muqovalash, varaqlarni taxlash, uch tomonlama kesish, ip bilan tikish va h.k.) uchun matbaa uskunalarini ishlab chiqarish va servis xizmat ko`rsatish bo`yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardar biridir. Kompaniya 1946 yilda Shvesariyaning Sofingen shahrida tashkil etilgan.
1951 yilda dunyodagi ilk bor tikilmagan holda yig`ish bo`yicha matbaa uskunasini, 1961 yilda varaqlarni taxlash, 2014 yilda uskunasini ishlab chiqargan. 2014 yildan “Granit” rusumli uch tomonlama kesish uskunasi va “Ventura MC 160” rusumli yangi turdagi ip bilan tikish matbaa uskunalarini ishlab chiqarishni yo`lga qo`ygan.






