"Mening fikrim" jamoaviy murojaatlar portaliga fidoyi ota-onalar uchun faxriy ko`krak nishonini ta`sis etish haqidagi petisiya joylashtirildi.
"Farzandlar erishgan yutuqlarning asosiy sababi — ularning tinimsiz mehnati, ustozlari o`gitlari va bilimlaridan iborat bo`lib qolmay, balki ota-onaning farzandi orzulari yo`lida chekkan zahmati mahsuli hamdir. Inson oldiga to`g`ri maqsad qo`ya olishi va shu maqsad yo`lida ikkilanmasdan harakat qilishida, birinchi navbatda, ota-ona sababchi bo`ladi. Chunki ota-ona kabi hech kim farzandining iqtidorini to`g`ri baholay olmaydi va bilmaydi", - deyiladi murojaat matnida.
Mualliflarning aytishicha, yurtimizda kamol topayotgan farzandlarning ota-onalariga boshqalarga ko`rsatayotgan namunasi uchun davlat va jamiyat tomonidan ham o`ziga xos hurmat-e`tibor qaratilishi ayni muddaodir. Shu sabab turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan, fidoyi va iqtidorli yoshlarning ota-onalarini taqdirlash uchun maxsus ko`krak nishoni ta`sis etish taklif etilmoqda.
"Ushbu ko`krak nishonining ta`sis etilishi ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi ajralmas o`rni va rolini mustahkamlab, ularni ma`naviy qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish imkonini yaratadi", - deyiladi petisiyada.






