Shu kunlarda poytaxtimizda zamonaviy tibbiyot va ilm-fanning eng so`nggi yutuqlari asosida barpo etilayotgan Bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining qurilishi jadallik bilan olib borilmoqda.
Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabariga ko`ra, ushbu majmua 2020 yilda foydalanishga topshirilishi ko`zda tutilgan. Mamlakatimiz bilan Koreya Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik fondi (EDCF) bilan birgalikda bunyod etilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 130,58 million dollarni tashkil etadi.

Nomzodlar malaka-mahorati, xorijiy tillarni bilishi, jahon tibbiyotining eng ilg`or yangiliklarini o`zlashtirish salohiyatiga qarab tanlov asosida saralab olinyapti. Ana shunday malakali shifokorlardan dastlabki 19 nafari saralash jarayonidan muvaffaqiyatli o`tib, bir yil mobaynida Yangsan Pusan Milliy universitetida tahsil oladigan bo`ldi.
Safar oldidan ushbu mutaxassislar bilan Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov uchrashib, ularga bir yillik tahsilni muvaffaqiyatli yakunlab, el-yurtimizga munosib xizmat qiladigan malakali kadrlar bo`lib etishishlarida omad va muvaffaqiyat tiladi. O`z navbatida, yoshlar ham vaqtning har lahzasidan oqilona foydalanishga, o`zlariga bildirilgan ishonchni oqlab, tibbiyotimizning ertangi taraqqiyotiga munosib ulush qo`shishga va`da berdilar.

Bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi 381 nomdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, shu jumladan, angiograf, kompyuter tamograf, yuqori texnologiyali raqamli rentgen va flyuoroskopik tizimi, mobil rentgen apparati, siklotron kabi eng so`nggi innovasion tibbiy jihozlar o`rnatilishi ko`zda tutilgan.






