Buxoro davlat universiteti va Yaponiyaning Vakayama universitetlari joriy yilning 21 noyabr kuni BuxDU bazasida «BuxDU-Vakayama turizm ta`limi va tadqiqotlari markazi» ochilishi rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Buxoro davlat universiteti matbuot xizmati.
Vakayama universiteti Turizm fakulteti o`z bakalavriat dasturlari uchun Butunjahon turizm tashkiloti «UNWTO»ning «TedQual» sertifikatini qo`lga kiritgan bo`lib, turizm yo`nalishida bunday sertifikatga ega bo`lgan birinchi va yagona yapon universitetidir. Fakultet huzurida «Turizm tadqiqotlari markazi» faoliyat ko`rsatadi.
Markazning asosiy vazifalari o`zaro hamkorlikda turizm sohasida tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda yangi o`quv adabiyotlari tayyorlash, ilmiy-uslubiy yo`nalishlarda qo`shma loyihalar, bakalavriat va magistraturada qo`shma o`quv dasturlarini amalga oshirishdir.







