17 noyabr kuni Namangan viloyati hokimligida «Hyundai» tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo`yicha investision shartnoma imzolash marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.
Koreya delegasiyasi va respublika vazirliklari hamda viloyat rahbariyati tomonidan ramziy lenta qirqilib, «Hyundai-Namangan KD» yangi zavod poydevoriga belkuraklarda qum tashlab, o`ziga xos tamal toshi qo`yildi.
Marosimda koreyalik ishbilarmonlarning kengaytirilgan guruhi hamda Malayziya, Indoneziya, Xitoy Xalq Respublikasi va Tailand Respublikasidan investorlar ham qatnashishdi.

Koreya Respublikasining «Hyundai Motor», «Evergreen Motors» va «Posco-Daewoo corporation» kompaniyalari hamkorligida qurilishi rejalashtirilgan bu zavod, 2019 yilning sentyabrida ilk mahsulotlarini chiqarishni boshlaydi. Dastlab yiliga 400ta kichik yuk mashinalari, mikroavtobuslar hamda avtobuslar ishlab chiqariladi. Bosqichma-bosqich bu ko`rsatkich 2500taga etkaziladi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 50 foiz ehtiyot qismlarni shu erning o`zida ishlab chiqarish ko`zda tutilgan. Dastlabki bosqichda 150ta yangi ishchi o`rni yaratiladi. Zavod to`la ishga tushganda, mingdan ziyod ish o`rni paydo bo`ladi.






