O`zbekistonning sayyohlik salohiyatini kengaytirishga yo`naltirilgan 500 dan ziyod investisiya loyihalari o`z egalarini kutmoqda...
Joriy yilning 19-21 noyabr kunlari poytaxtimizdagi “O`zekspomarkaz” milliy ko`rgazmalar majmuida Birinchi xalqaro turizm investision forumi o`tkaziladi. Unda investorlarga 500 dan ziyod investisiya loyihalari, xususan, “Chorvoq” erkin turistik zonalari, “Samarqand siti”, “Qadimiy Buxoro”, Surxondaryo viloyatidagi kichik sayyohlik hududlari, “Olmazor Siti” va “Farg`ona yo`li” kabilar taklif etiladi. Loyihalarga mehmonxona va savdo majmualari, dam olish maskanlari, sog`lomlashtirish markazlari, tematik parklar, restoranlar, agroturistik maskanlar va boshqalar kiradi. Ushbu loyihalar O`zbekistondagi har bir hududning sayyohlik salohiyatini maksimal darajada kengaytirishga yo`naltirilgan.
Mazkur forumda 48 davlatdan 300 dan ziyod qatnashchi, jumladan investorlar, sayyohlik sohasidagi xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari vakillari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirning birinchi va ikkinchi kunida turizm sohasida sarmoyaviy loyihalar taqdimotlari, B2B (business-to-business) va B2G (business-to-government) formatlaridagi uchrashuvlar o`tkazilishi, investorlar, vazirliklar, idoralar va hokimliklar o`rtasida shartnomalar hamda hamkorlik memorandumlari imzolanishi, uchinchi kuni esa ob`ektlarga tashrif buyurish ko`zda tutilgan. Bu haqda Forum oldidan jurnalistlar uchun o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Investorlarga erlar auksionsiz beriladi(mi?)
Ha, Vazirlar Mahkamasining “2018 yilning 19-21 noyabr kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan turizm sohasiga oid birinchi Xalqaro investision forumni samarali o`tkazish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 931-sonliqaroriga muvofiq, Forum doirasida investorga turizm infratuzilmasi ob`ektlarini qurish uchun aniq investisiya majburiyatlari ostida er uchastkalari auksionsiz ajratiladi. Hujjatda investor tomonidan O`zbekistonning tijorat banklariga 15 ish kuni mobaynida investisiya bitimi summasining 25 foizi miqdoridagi mablag`ni deponentga o`tkazish yoki 5 foizi miqdoridagi majburiyatni bajarish kafolatini (performance bond) berish sharti bilan investisiya bitimi tuzilishi nazarda tutilgan.
Investor tomonidan pul mablag`lari depozitga o`tkazilgan yoki moliyaviy majburiyatlarni bajarish bo`yicha kafolat berilgan kundan e`tiboran 5 kun muddatda investisiya loyihasini amalga oshirish uchun hokimliklar er uchastkasini ajratish to`g`risida qaror qabul qiladi.

Abdulaziz Oqqulov, O`zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi:
— Forum ishtirokchilari investisiya, smart turizmni rivojlantirish, mehmonxona va transport sohasini rivojlantirish kabi yo`nalishlarda tashkil etiladigan sessiyalarda qatnashadi. Shuningdek, ular e`tiboriga respublikamiz 14 viloyatining sayyohlik salohiyati va 600 ga yaqin investisiya loyihalari taqdimot qilinadi. Bundan asosiy maqsad, kelgan xorijlik investorlarlarni ushbu loyihalarga jalb qilish va ular bilan bitimlar tuzish. Forumda nafaqatxorijiy, balki mahallliy investorlar ham qatnashishlari mumkin. Investisiya loyihalariga qiziqish bildirgan sarmoyadorlar taklif etilayotgan loyihalarga tegishli hududlarga shaxsan tashrif buyurib, tanishishi, kerak bo`lsa ma`qul kelgan er maydoni bo`yicha kelishuvga erishishlariga imkoniyat yaratiladi.
Forumdan kutilayotgan natijalar shuki, avvalo sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish, so`ng hududlardagi mahalliy aholini ish bilan ta`minlab, ularning turmush sifatini yaxshilashga erishishdir.
Ulug`bek Qosimxo`jaev, O`zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari:
— So`nggi uch yil ichida turizm sohasida juda katta o`zgarishlar bo`ldi. Hatto davlat rahbari tomonidan turizm – strategik soha deb belgilab berildi, normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Natijada, oxirgi 10 oy ichida yurtimmzga kelgan turistlar soni o`tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshdi. Ya`ni o`tgan yili ko`rsatkich 2, 2 mln. bo`lgan bo`lsa, bu yil 4,4 mln.ga etdi. Lekin baxtga qarshi, shu narsa ayon bo`ldiki, bizning sayyohlik infratuzilmamiz bunchalik katta hajmdagi sayyohlarning kelishiga hali tayyor emas ekan. Shu maqsadda mana shu Forum tashkil etilyapti. Bilamizki, ko`p investorlar er topish muammosiga duch kelishadi. Shu bois asosiy maqsadimiz, ularga “mana, bizda er bor”, deb yurtimizga chaqirib, evaziga xalqimiz farovonligini ta`minlaydigna loyihani amalga oshirishini taklif qilishdir. Bunda mahalliy hokimliklarning investisiya va turizm masalalari bo`yicha hokim o`rinbosarlarini jalb qilgan holda investorlarga imkon qadar shart-sharoit yaratiladi, auksionsiz er beriladi. Shuningdek, nafaqat investorlar, balki yirik sarmoya fondlarini ham jalb qilish ko`zda tutilgan. Shu kunga qadar Arabiston, Xitoy, Hindiston kabi katta sarmoya fondlari qo`shma sarmoya kiritishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Demak, Forum — o`zimizning va xorijlik tadbirkorlarni mahalliy hokimliklar bilan birlashtiradi. Ya`ni Forum mahalliy davlat idoralari hamda investorlar uchun o`ziga xos kelishuv maydoniga aylanadi.
Ma`lum qilinishicha, Turizm sohasidagi birinchi Xalqaro investision forumga 10 dan ortiq maxsus (VIP) mehmonlar kelishi ham kutilmoqda. Ular orasida Turkiya, Bolgariya, Afg`oniston, Singapur kabi mamlakatlardan turizm vazirlari va katta investorlar bor.
TAShKILOTChILAR: Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Investisiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari, Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi.
Forumni 16 xorijiy mamlakatlarning 30 dan ortiq ommaviy axborot vositalari vakillari yoritadi.
Forum tafsilotlarini darakchi.uz sayti hamda “Darakchi” gazetasida kuzatib boring.






