Vazirlar Mahkamasining 21 oktyabr kuni bo`lib o`tgan to`qqiz oylik yakunlari bo`yicha majlisida kollej bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi ham muhokama qilindi, deya xabar bermoqda O`zA.
Muhokama davomida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish ishlarini tashkil etishdagi yo`l qo`yilgan kamchiliklar uchun respublikaning bir qancha tumanlari hokimlari faoliyati qattiq tanqid qilindi.
Xabarda aynan qaysi tumanlarda shunday kamchiliklarga yo`l qo`yilgani ma`lum qilinmagan, biroq ular oldiga kamchiliklarni bartaraf etish va kasb-hunar kollejlarining barcha bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun yangi doimiy ish o`rinlarini qo`shimcha ravishda tashkil etishni ta`minlash yuzasidan aniq vazifalar qo`yilgani bayon etilgan.
«Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari, tijorat banklari, xo`jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlariga yangi ish o`rinlari tashkil etishning 2014 yil uchun belgilangan parametrlarini bajarish hamda joriy yilda kasb-hunar kollejlarini tamomlagan yoshlarni to`liq ishga joylashtirishni ta`minlash uchun amaliy chora-tadbirlar ko`rish topshirildi», – deyiladi O`zA xabarida.
Ma`lumot uchun, 2014 yilning yanvar-sentyabr oylarida O`zbekistonda 777,8 mingta yangi ish o`rinlari tashkil etildi. Yil oxirigacha esa 983,6 mingta yangi ish o`rni tashkil etish rejalashtirilgan.
Manba: kun.uz





