AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vazirligi saytida bo`sh ish o`rinlari bo`limi ishga tushdi

'Xalq ta`limi vazirligi saytida bo`sh ish o`rinlari bo`limi ishga tushdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi o`zining rasmiy veb-sayti – www.uzedu.uzda xalq ta`limi sohasidagi bo`sh ish o`rinlari bo`limini ishga tushirdi.

Bu haqida vazirlik axborot xizmati ma`lum qildi.

Ayni vaqtda loyiha faqat Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar ishtirokida sinovdan o`tkazilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligiga rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg`or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo`li bilan xalq ta`limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish vazifasi yuklatilgan.

Xususan, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi rahbar va pedagog kadrlarni to`g`ri tanlash va qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish tizimini isloh qilish chora-tadbirlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo`nalishdagi ilk qadamlardan biri sifatida vazirlik rasmiy veb-saytida xalq ta`limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi va vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan yangi bo`lim – bo`sh ish o`rinlari bo`limining ishga tushirilishi bo`ldi.

Hozirda ish.uzedu.uz saytiga tashrif buyuruvchilar Toshkent shahridagi maktablar, xalq ta`limi boshqarmalari, shuningdek, Xalq ta`limi vazirligining respublika tashkilotlaridagi bo`sh ish o`rinlari bilan tanishishlari mumkin. Sinov muvaffaqiyatli yakunlangach, mazkur tizim O`zbekistonning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Yangi tizim yordamida O`zbekiston aholisi xalq ta`limi tizimida bo`sh ish o`rinlar va lavozimga qo`yiladigan talablar bilan tanishishlari, o`z rezyumelarini maxsus forma orqali yuborishlari mumkin. Shu bilan birga sayt viloyatlar va Toshkent shahri hududlaridagi bo`sh ish o`rinlarining statistikasini ham ko`rish imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar