Prezident Farmoniga muvofiq, O`zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qo`shimcha (elektron bo`lmagan) kirish vizalari toifalarini berish belgilangan. Shunga ko`ra, quyidagi yangi viza turlari joriy qilinadi:
- "Vatandosh" – asli o`zbekistonlik bo`lgan kishilar va ularning oila a`zolari uchun O`zbekiston fuqarosi hisoblangan qarindoshlari tomonidan taklif etilgan hollarda beriluvchi ikki yillik viza;
- "Student visa" – O`zbekistonda joylashgan ta`lim muassasalarida tahlis olayotgan chet ellik talabalarga beriladigan bir yillik viza. Ushbu viza respublikadagi ta`lim vazirliklari, idoralari va tashkilotlari murojaatiga asosan rasmiylashtiriladi;
- "Academic visa" – O`zbekistonda ilmiy-tadqiqot va ta`lim faoliyatini olib borish istagida bo`lgan chet elliklar uchun 3 oydan 2 yilgacha bo`lgan muddatga, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta`lim muassasalari murojaatiga ko`ra beriladi;
- "Medical visa" – O`zbekistonga davolash-profilaktika muassasalari taklifiga asosan tashrif buyuruvchi xorijiy mamlakatlar fuqarolari uchun 3 oygacha bo`lgan muddatga beriladigan viza.
- "Piligrim visa" – ziyorat vizasi bo`lib, ushbu viza sayyohlik faoliyati sub`ektlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita so`roviga ko`ra chet ellik fuqarolarga O`zbekistonning madaniy-tarixiy va diniy-ma`naviy merosi va an`analarini o`rganish uchun 2 oygacha bo`lgan muddatga beriladi.






