AsosiyJamiyat

​Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbari va shahar prokurori o`rinbosari tadbirkorlar bilan uchrashdi

'​Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbari va shahar prokurori o`rinbosari tadbirkorlar bilan uchrashdi'ning rasmi

Yangi yilning dastlabki kunlarida ayrim mahsulotlar 20 foizli qo`shimcha qiymat bilan sotilayotgani haqidagi gaplar turli muhokamalarga sabab bo`ldi. O`z navbatida ayrim tushunmovchiliklarni ham keltirib chiqardi. Shu munosabat bilan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tomonidan shahar prokuraturasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda aholi va tadbirkorlar o`rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi rahbari N.Tursunov, Toshkent shahar prokurori o`rinbosari A.Po`latov poytaxtimizning Mirzo Ulug`bek tumanida faoliyat yuritayotgan «KRANTAS» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonasi kelgan holda korxona rahbari hamda hisobchisi bilan o`zaro fikr almashib, qo`shilgan qiymat solig`ini hisoblash va to`lash tartibi haqida batafsil ma`lumot berdi.

Yuzma-yuz muloqot jarayonida qayd etilganidek, bugun mamlakatimiz soliq ma`muriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Ya`ni, soliq xizmati organlari tekshiruvchi emas, xizmat ko`rsatishga yo`naltirilgan idoraga aylanmoqda.

O`rni kelganda aytish joizki, soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq, joriy yildan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`ining 12 foizlik yagona stavkasi joriy etildi. Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasiga ushlab qolinadigan 8 foizli sug`urta badali butunlay bekor qilindi. Natijada 2019 yilda shahrimiz fuqarolari ixtiyorida 1342,5 milliard so`m mablag` qolishi kutilmoqda.

Shuningdek, yagona ijtimoiy to`lov stavkasi 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi. Davlat maqsadli jamg`armalariga yuridik shaxslarning oboroti (tushumi)dan undiriladigan 3,2 foizli majburiy ajratmalar bekor qilindi. Ushbu pasaytirishlar hisobiga joriy yilda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ixtiyorida 702,2 milliard so`m qo`shimcha mablag` qolishi kutilayapti.

Mirobod tumanida joylashgan «EASY TAXI SERVICE» mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli umumiy ovqatlanish korxonasiga bo`lgan tashrif ham mazmunan boy va qiziqarli bo`ldi.

– Soliq va prokuratura organlari rahbarilarining korxonamizga tashrif buyurishi hayratimga sababchi bo`ldi, - deydi korxona rahbari Shuhrat Vaxobov. – Boisi, bu tashrifni kutmagandim. Uchrashuv davomida o`zimni qiziqtirgan va o`ylantirayotgan savollarimga to`liq javob oldim. Endi yangi tizimda bemalol, qo`rqmasdan ishlasam ham bo`ladi va kelgusida faoliyatimni yanada kengaytirib, qo`shimcha ish o`rinlari yaratish niyatidaman.

Uchrashuvlarda soliq qonunchiligiga kiritilgan o`zgartirishlarni soliq to`lovchilarga tushuntirish hamda qo`shimcha qulayliklar yaratish maqsadida har bir tuman davlat soliq inspeksiyasining «Telegram» kanali ishga tushirilgani ma`lum qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik sub`ektlari soliq qonunchiligi bo`yicha qo`shimcha savollar yuzasidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamiga qo`ng`iroq qilishlari mumkinligi qayd etildi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho``basi

    Boshqa yangiliklar