Jizzaxda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta`lim, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi, xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.
O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi qonunining Jizzax viloyati qishloq vrachlik punktlaridagi ijrosini o`rganishga bag`ishlangan tadbirda senatorlar, xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman Kengashlari deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati boshqaruvi organlari, sog`liqni saqlash idoralari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi qonuni ijrosi doirasida viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasida aholi, xususan, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilmoqda. Viloyatdagi qishloq vrachlik punktlarining 81 tasi uchun zamonaviy binolar barpo etilgani, 88 tasida kapital va joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirilgani aholiga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish imkonini berayotir.
Tadbirda qishloq vrachlik punktlarida shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatishdagi mavjud kamchilik va muammolar tanqid qilindi. Jizzax, Zafarobod tumanlaridagi qishloq vrachlik punktlarida mutaxassislar etishmasligi va zarur miqdorda dori-darmon bilan ta`minlanmayotgani, bu muammolarni bartaraf etish zarurligi ko`rsatib o`tildi.
Majlisda mazkur qonunning qishloq vrachlik punktlarida tibbiy yordam va shoshilinch tibbiy yordam ko`rsatishga doir qismi ijrosining to`liq bajarilishini ta`minlash uchun qo`shimcha chora-tadbirlar ko`rish yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
30.10.2014 16:39





