Mudofaa vazirligi Sport klubi stadionida “Vatanparvarlik oyligi” doirasida futbol musobaqasi bo`lib o`tdi. Unda faxriylardan tarkib topgan “Sergeli” va “Mudofaa vazirligi” futbol jamoalari g`oliblik uchun to`p surdi.
Maydonda xuddi navqiron futbolchilardek harakat qilgan faxriylar to`qnashuvi murosasiz tus oldi. Birinchi bo`lim himoyaviy-hujum taktikasiga asoslangan bo`lsa-da, darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi. Ikkinchi bo`limda “Mudofaa vazirligi” jamoasi hisobni ochdi. Oradan ko`p o`tmay, “Sergeli” faxriylari jamoasi hisobni tenglashtirganiga qaramay, shu daqiqaning o`zida raqib jamoa yana bir bor darvozabonni dog`da qoldirishga erishdi: 2-1.
“Sergeli”ning tinimsiz amalga oshirgan kombinasiyalari o`z so`zini aytdi. Ular so`nggi daqiqalarda gol urishga muvaffaq bo`lishdi. Hisob: 2-2. Qolgan daqiqalar ham teng kurashlar ostida kechdi. Asosiy vaqtda g`olib aniqlanmagani tufayli hakam penaltilar seriyasiga start berdi.
Penaltilar bo`yicha “Sergeli” jamoasi 3-2 hisobida ustun keldi.
G`oliblarga kubok, diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.
Ta`kidlash kerakki, Mudofaa vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida nafaqadagi harbiy xizmatchilar ham alohida e`tiborga olinmoqda.









