1

Ozarbayjon O`zbekistonning davlat xizmatlari sohasidagi tajribasini o`rganmoqda

Jamiyat 15.01.2019, 15:25
Ozarbayjon O`zbekistonning davlat xizmatlari sohasidagi tajribasini o`rganmoqda

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov mamlakatimizga O`zbekistonning davlat xizmatlari tizimini yo`lga qo`yish va uning faoliyati, aholi bilan ishlashni tashkil etishga doir tajribasini o`rganish, shuningdek sohadagi innovasion yondashuv borasida tajriba almashish maqsadida tashrif buyurgan Ozarbayjon Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko`rsatish va ijtimoiy innovasiyalar Davlat agentligi – «ASAN» xizmati delegasiyasi bilan uchrashdi. Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Tomonlar xalqaro-huquqiy hamkorlik, davlat xizmatlari sohasida qo`shma tadbirlarni tashkil etish, xususan, Agentlik va davlat xizmatlari markazlari xodimlari uchun treninglar o`tkazish, davlat xizmatlari ko`rsatish, Mentorship (murabbiylik) dasturi bo`yicha kurslar va stajirovkalarni tashkil qilish yo`nalishlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirish bo`yicha davlatlararo ishchi guruh tashkil qilish masalalarini muhokama qildi.

«Ozarbayjon delegasiyasi respublikamizning har bir tumanida tashkil etilgan davlat xizmatlari markazlari faoliyatiga yuksak baho berdi. Bu markazlarda fuqarolarga 100 dan ortiq davlat xizmatlari ko`rsatilayotgani, hozirgi vaqtda davlat-xususiy sheriklik asosida mintaqalarda davlat xizmatlari markazlarining zamonaviy binolari qad rostlagani, olis hududlar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida «mobil» yoki ko`chma davlat xizmatlari ko`rsatish tizimi joriy etilgani ularda katta qiziqish uyg`otdi»,-deyiladi xabarda.

Uchrashuv yakunlari bo`yicha tomonlar davlat xizmatlari sohasidagi innovasion yondashuvlar bo`yicha tajriba almashishni yanada kengaytirishga kelishib oldi. O`zbekiston salohiyatini o`rganish va «BMTning davlat xizmatlari taqdim etish sohasidagi mukofoti», «ASAN ISESCO» mukofotlari kabi xalqaro mukofotlarga sazovor bo`lish bo`yicha loyiha ishlab chiqish zarurati qayd etildi.

Ozarbayjon delegasiyasi tashrifi 17 yanvarga qadar davom etadi. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi rahbariyati bilan uchrashuvlardan tashqari Buxoro va Samarqand shaharlariga sayohat ham ko`zda tutilgan. Mehmonlar Buxoro shahridagi Davlat xizmatlari markazi va Samarqand shahridagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishadi.

Ma`lumot uchun, «ASAN» aholiga 11 ta vazirlik va boshqa tashkilotlarning 300 dan ziyod xizmatlarini taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi. 2012-2018 yillarda tashkilot tomonidan 6 mln. fuqaroning 25 mln.dan ortiq arizasi ko`rib chiqilgan. Bugungi kunda Ozarbayjonda «ASAN» xizmatining 15 ta markazi faoliyat yuritib, ularning 5 tasi Boku shahrida joylashgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1