AsosiyJamiyat

O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligi nishonlanadi

31 oktyabr, juma kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to`g`risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni O`zbekiston Milliy axborot agentligida e`lon qilindi.

Hujjatda shoiraning o`zbek tilida «Saylanma» asarlarini, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan she`riy to`plamlarini, «Zulfiya zamondoshlari xotirasida» kitobini chop etish, Zulfiyaning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish belgilab qo`yilgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida «Mustaqillik davri adabiyotida Zulfiya ijodining ahamiyati» mavzusida ilmiy konferensiya, 2015 yil martida esa «Turkiston» saroyida shoira xotirasiga bag`ishlangan ijodiy kecha o`tkazish tadbirlari ko`zda tutilgan.

Qarorda qayd etilishicha, Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash taklifi Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Ma`naviyat targ`ibot markazi, Xotin-qizlar qo`mitasi, «Kamolot» YoIH va jamoatchilik vakillaridan chiqqan.

Ma`lumot o`rnida, O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya 1915 yil 1 mart kuni Toshkent shahrida tug`ilgan (1996 yil avgustida, 81 yoshida vafot etgan).

    Boshqa yangiliklar