1

IIB xodimini mashinasida sudragan haydovchi qamaldi

Jinoyat 17.01.2019, 09:58
IIB xodimini mashinasida sudragan haydovchi qamaldi

Marg`ilon shahrida xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko`rsatib, tan jarohati etkazgan shaxs ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Qayd etilishicha, 2018 yil 26 sentyabr kuni erta soat 9:00 larda Marg`ilon shahridagi B.Marg`iloniy va Mustaqillik ko`chalari kesishgan chorrahada “Matiz” rusumli 40 O 850 OA davlat raqam belgili transport vositasi yo`l o`rtasida to`xtab, yo`l harakatining boshqa ishtirokchilariga halaqit bergan.

Shu erda xizmat olib borayotgan viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasining 1-batalon 1-otryad safdor xodimi M.Maxsitaliev avtomashina haydovchisi A. Nishonovga o`zini tanishtirib, unga belgilanmagan joyga avtomashina to`xtatganligini ma`lum qilib, undan avtomashinani harakatning boshqa ishtirokchilariga halaqit bermaydigan joyga olishni talab qilganida A.Nishonov uning qonuniy talablariga bo`ysunmagan.

Shundan keyin M.Maxsitaliev A.Nishonovdan shaxsini tasdiqlovchi va transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim etishni talab qilganida u hujjatlarni taqdim etmagan. Safdor xodim M.Maxsitaliev o`zining qonuniy talablariga bo`ysunmagan A.Nishonovga chora ko`rish uchun shu joyda xizmat olib borayotgan IIB YXXB xodimini aloqa vositasi (rasiya) orqali yordamga chaqirganida A.Nishonov xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar xodimiga faol qarshilik ko`rsatadi. Avtomashinani IIB xodimiga qarata boshqarib, uni avtomashinani old qismi bilan urib, avtomashina kapotiga yotib qolgan M.Maxsitalievni tushirib yuborish maqsadida avtomashinani xavfli usulda boshqarib, xodimni yo`lning qatnov qismi bo`ylab 1,7 kilometrga sudrab borgan. Natijada M.Maxsitaliev tan jarohati olib, o`z xizmat vazifasini bajarishdan voz kechishga majbur bo`lib, yo`l chetiga tushib qolgan va jorahat olgan.

A.Nishonov o`zining yuqoridagi qilmishi bilan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan. U 2015-2016 yillar davomida 16 marotaba O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining turli moddalari asosida huquqbuzarliklar sodir etib, ma`muriy javobgarlikka tortilgan edi. Afsuski, bulardan to`g`ri xulosa chiqarmadi.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi raisi M. Ibragimov tomonidan ko`rib chiqildi. Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to`liq o`rganib, sudlanuvchi A. Nishonovga tegishli jazo tayinladi, deb yozadi O`zA.

Jinoyat sodir etishda foydalanilgan transport vositasi jinoyat sodir etish quroli deb topilib, musodara qilindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1