AsosiyJamiyat

"Jo`shqin Gujarat" sammiti – global hamkorlik maydoni

'"Jo`shqin Gujarat" sammiti – global hamkorlik maydoni'ning rasmi

Hindistonning Gujarat shtatida 18-20 yanvar kunlari "Jo`shqin Gujarat" IX xalqaro investisiya sammiti bo`lib o`tadi, deb xabar bermoqda O`zA.

"Jo`shqin Gujarat" sammitini tashkil etish tashabbusi 2003 yili Gujarat shtatining o`sha kezlardagi rahbari – hozirda esa Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi tomonidan taklif etilgan. Bundan ko`zlangan maqsad Gujaratga xorijiy investisiyalarni jalb etishni kengaytirish orqali shtatni eng faol investisiya markaziga aylantirishdan iborat edi.

Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi global g`oyalarni rivojlantirishning o`ziga xos platformasiga aylangan sammit xalqaro miqyosda investorlar uchun samarali hamkorlik uchun muloqot maydoni bo`lib xizmat qilmoqda.

Sammit har ikki yilda bir o`tkaziladi. "Jo`shqin Gujarat" VIII xalqaro sammiti 2017 yil yanvar oyida tashkil etilgan, unda 100 ga yaqin davlatdan 25 mingdan ortiq vakil ishtirok etgan. Oliy martabali mehmonlar orasida 4 davlat rahbari, Nobel mukofoti sovrindorlari, shuningdek, sanoatning turli tarmoqlaridagi etakchi kompaniyalar, olimlar bor edi.

Bu yilgi sammitda besh mamlakat rahbarlari, xususan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev, Afrikaning Ruanda Respublikasi Prezidenti Pol Kagame, Daniya Qirolligi Bosh vaziri Lars Rasmussen, Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish hamda Malta Respublikasi Bosh vaziri Jozef Muskat, qolaversa, ko`plab davlatlardan 20 mingga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi sammit doirasida ishtirokchi davlatlar rahbarlari va hukumat vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar o`tkazishi rejalashtirilgan.

Sammitda Fransiya, Avstraliya, Kanada, Yaponiya kabi 15 davlat, jumladan, O`zbekiston ham hamkor sifatida ishtirok etadi.

"Jo`shqin Gujarat" IX xalqaro investisiya sammitining tantanali ochilish marosimi 18 yanvar kuni Gujarat shtati markazi Gandinagar shahrining "Mahatma Mandir" anjumanlar saroyida bo`lib o`tadi.

Eslatib o`tamiz, avvalroq O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev "Jo`shqin Gujarat – 2019" IX xalqaro investisiya sammitida ishtirok etish uchun Hindistonga jo`nab ketgani haqida xabar bergan edik.

    Boshqa yangiliklar