1

O`zbekistonda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini ochishga ruxsat berildi

Jamiyat 19.01.2019, 10:36
O`zbekistonda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarini ochishga ruxsat berildi

Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, endilikda nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tashkil etiladi va ularga sud ekspertizalarining ayrim turlarini o`tkazish huquqi beriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlarining sud ekspertlari qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini davlat muassasalarida o`taydi hamda ularga sud eksperti sertifikati beriladi.

Sertifikatga ega sud ekspertlarining Yagona reestri Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida yuritiladi.

Sertifikatsiz faoliyat yuritish taqiqlanadi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o`tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo`shilmagan taqdirda, takroriy sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan adliya vaziriga X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi tomonidan bajariladigan ishlar, ko`rsatiladigan xizmatlar bo`yicha narxlarni mustaqil ravishda belgilash huquqi berildi.

Sud-ekspertiza tashkilotlari 2022 yil 1 yanvarga qadar chetdan olib kelinadigan asbob-uskunalar, reaktivlar va sarflash materiallari uchun bojxona to`lovlaridan ozod qilindi.

Ilmiy tadqiqotlar natijalarini sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etish, sud ekspertizalarini o`tkazish uslubiyotini takomillashtirish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishi etib belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1