AsosiyJamiyat

Cportchi Jamshid Kenjaev ishi bo`yicha sud jarayoni boshlandi

'Cportchi Jamshid Kenjaev ishi bo`yicha sud jarayoni boshlandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning xabariga ko`ra, 21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Xamraev va Jahongir Yorqulovlarga nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqish bo`yicha ochiq sud majlisi boshlangan.

Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag`zamovdan iborat sud tarkibida ko`rib chiqilmoqda.

Ish bo`yicha raislik qiluvchi S. Karimov sud majlisini ochgan va O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o`ldirish) 2-qismi “v”, “j” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Shodali Qilichov (1989 yilda Toshkent shahrida tug`ilgan, o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta-maxsus, “Aurum 898” tungi klubida qo`riqchi bo`lib ishlagan, muqaddam sudlangan);

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Saidazim Kamoldinov (1994 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan, o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta, “Aurum 898” tungi klubida qo`riqchi bo`lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan);

Alijon Xamraev (1982 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta, “Aurum 898” tungi klubida qo`riqchi bo`lib ishlagan, muqaddam sudlangan);

Jahongir Yorqulovga (1992 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, o`zbek, O`zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma`lumoti – o`rta, “Aurum 898” tungi klubida qo`riqchi bo`lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan) nisbatan jinoiy ish ko`rilayotganligini e`lon qilgan.

Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo`lgani tekshirilgan, sud tarkibi, tomonlar e`lon qilinib, rad qilish huquqi tushuntirilgan, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlangan, ish bo`yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirilgan.

Sud majlisining tayyorgarlik qismi iltimosnomalar bor-yo`qligi to`g`risidagi masalani aniqlash bilan yakunlanib, rais tomonidan sud tergovi boshlanganligi e`lon qilingan.

Davlat ayblovchisi ayblov xulosasini o`qib eshittirdi. Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, jabrlanuvchi, guvohlar va ekspertlarning ko`rsatmalari tinglanadi, shuningdek, ushbu ish bo`yicha to`plangan boshqa dalillar tekshirilagan.

Sudlanuvchilarning ko`rsatmalari tinglandi. Sud jarayoni davom etmoqda.

Sudning keyingi majlisi 23 yanvar soat 11.00 da bo`ladi.

Eslatib oʻtamiz, Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi "Aurum 898" tungi klubida 2018 yil 8 avgust kuni tungi vaqtda klubga kelgan mijoz va klub qoʻriqchilari oʻrtasida mushtlashuv roʻy bergan edi. Mushtlashuv oqibatida sportchi, yaʼni erkin kurashchi Jamshid Kenjayev vafot etgan edi. Hodisa yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, tungi klubning toʻrt nafar qoʻriqchisi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.

Suratlarni Islom Roʻziyev olgan

    Boshqa yangiliklar