2019 yilning 24 yanvar kuni “O`zagrotexsanoatxolding” AJ ga jamiyat tizimidagi korxonalarning ishlab chiqarish,ekspluatasiya, ta`mirlash sifatini tubdan takomillashtirish yo`nalishlari bo`yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari tashrif buyurishdi. Dastlab O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari xolding hududidagi maxsus ko`rgazmali maydonda joylashgan qishloq xo`jaligi texnikalari, agregatlar hamda “Chirchiq qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xo`jaligi texnikalari, qolaversa, “Toshkent qishloq xo`jaligi texnikasi zavodi” AJ dagi ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan so`ng O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga “O`zKlaasAgro” MChJO`zbekiston-Germaniya qo`shma korxonasi ish faoliyati, qishloq xo`jaligi texnikalarini ekspluatasiyasi va ularga servis xizmatlarini ko`rsatish, ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnika va texnologiyalardan unumli foydalanish bo`yicha maxsus taqdimot namoish qilindi.
Tashrif davomida deputatlar “O`zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibidagi “Qishloq xo`jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi” MChJ O`zbekiston-Koreya qo`shma korxonasi faoliyati hamda ilg`or, unumdor, zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikalari va texnologiyalarini o`zlashtirish, ishlab chiqarish jarayonida zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo`yicha taqdimot bilan ham yaqindan tanishishdi.
Ahamiyatlisi, tashrif yakunida namoish qilingan “O`zagrotexsanoatxolding” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan yangi investision loyihalar taqdimoti hamda “O`zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi Karimov Muxtor Akbarovichning ma`ruzasi deputatlarda katta qiziqish uyg`otdi.






