AsosiyJamiyat

"Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovining g`olib va sovrindorlari taqdirlandi

'"Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovining g`olib va sovrindorlari taqdirlandi'ning rasmi

Bugun, 25 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy sudida "Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovi g`olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

Tadbirda senatorlar, sudyalar va sud xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

- Sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalarning o`zaro amaliy hamkorligi muhim ahamiyaga ega, - dedi Oliy sud raisi K. Komilov tanlov g`olib va sovrindorlarini qutlar ekan. - Negaki, har qanday jamiyat avvalo fikrlar xilma-xilligi, plyuralizmga asosan taraqqiy etadi, rivojlanadi. Bugun muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan jamiyatimiz ana shunday fikrlar xilma-xilligi asosida rivojlanishiga keng yo`l ochib berilmoqda.

Ma`lumki, Oliy sud tomonidan "Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovi sud hokimiyati va ommaviy axborot vositalari o`rtasidagi o`zaro amaliy hamkorlikni yo`lga qo`yish va mustahkamlash maqsadida muntazam o`tkazib kelinmoqda.

Tabirda so`zga chiqqan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor A. Saidov gazeta-jurnal, internet saytlarida chop etilayotgan materiallar xolis, har qanday shubha-gumondan xoli, beg`araz va qonuniy asoslarda yozilgan bo`lishi kerakligiga, chunki jurnalistlar tomonidan ilgari surilgan noxolis fikr keng jamoatchilik o`rtasida noto`g`ri tasavvurni shakllanishiga, oxir-oqibat esa, odil sudlov sifatiga ta`sir ko`rsatishi mumkinligiga e`tibor qaratdi. Binobarin, sud hokimiyatining ham, ommaviy axborot vositalari ham jamiyatda qonuniylikni ta`minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi.

"Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovining bu yilgi g`oliblarini aniqlash uchun O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi S. Hakimov rahbarligidagi komissiya faol ish olib bordi. S. Hakimovning ta`kidlashicha, bu yilgi tanlov o`tgan yilgiga nisbatan nominasiyalar bo`yicha ham, ommaviy axborot vositalarini yanada kengroq jalb etish bo`yicha ham qator ijobiy o`zgarishlar kuzatildi. Kelgusida tanlovning nufuzi va ko`lamini yanada oshirish maqsadida qator rejalar ishlab chiqilgan.

Shuningdek, tadbirda "Darakchi" gazetasining xodimi Sadoqat Allaberganova ham 2-darajali diplom bilan taqdirlandi.

"Adolat – qonun ustuvorligida" tanlovini o`tkazishda O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining "O`zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik" qo`shma loyihasi tomonidan yaqindan yordam ko`rsatildi.

    Boshqa yangiliklar