AsosiyJamiyat

Chilonzordagi balkonlar nima uchun qulab tushdi? Yoxud noqonuniy qurilishlarning oqibatlari

'Chilonzordagi balkonlar nima uchun qulab tushdi? Yoxud noqonuniy qurilishlarning oqibatlari'ning rasmi

Yaqinda, 17 yanvar kuni poytaxtimizning Uchtepa tumani 23-daha 20-uydagi 17-, 19-, 21-, 23- va 25-xonadon balkonlari qulab tushgani haqida xabar berilgan edi.

Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi ma`lumotiga ko`ra, bunga asosiy sabab yuqori qavatlardagi xonadon egalari balkonda ruxsatsiz, noqonuniy ta`mirlash ishlarini o`tkazganidir, deb yozmoqda O`zA. Ya`ni 4-qavatdagi 23-xonadon balkonidan 5-qavatdagi balkon og`irligini ko`tarib turuvchi tayanch devori olib tashlangani sabab 25-xonadon balkoni qulab tushgan va o`zi bilan pastki qavatlardagi balkonlarni ham qulatgan. Xayriyatki, bundan hech kim jabr ko`rmadi. Ammo oqibat fojiali bo`lishi ham mumkin edi.

2018 yilda inspeksiyaga yuridik va jismoniy shaxslardan 1 ming 750 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ular asosan ko`p xonadonli uy-joy va unga tutash hududlarni saqlash qoidalari buzilgani, ko`chmas mulk egalarining binolarni o`zboshimchalik bilan o`zgartirgani, noturar joylarning texnik holati yomonlashgani kabi holatlar yuzasidan bo`lgan. Inspeksiya xodimlari mazkur murojaatlarni tegishli mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida o`rgandi va muammolar bartaraf etildi.

Bugungi kunda mazkur tashkilotning “Ishonch telefoni” muntazam faoliyat yuritayotgan bo`lib, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasidagi ishlar sifati tubdan yaxshilanmoqda.

Mamlakatimizda aholining turmush darajasini yanada yaxshilash, farovonligini oshirish, ularni zamonaviy uy-joy bilan ta`minlash borasidagi ishlar ko`lami kengaymoqda. Amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.

Jumladan, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish, ko`p qavatli uy-joy fondini kapital va joriy ta`mirlash bo`yicha qabul qilingan qarorlar asosida ularning tomi, erto`lasi, pod`ezd, lift va yo`laklarini betonlashtirish, uy-joylar atrofini obodonlashtirish masalalarini o`z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotir.

Biroq guruch kurmaksiz bo`lmaydi, deganlaridek, hali ham ayrim fuqarolar turar joylardan belgilangan tartibda birdek foydalanmasdan, ichki tuzilishini tegishli tashkilotlarning ruxsatisiz o`zgartirib, tutash hududlarda noqonuniy qurilmalar qurmoqda. Bu esa ko`p qavatli uylarning texnik holatiga jiddiy zarar etkazadi. Shu bois, ba`zi fuqarolarning o`zboshimchaligi oqibatida yaqinlari hayoti xavf ostida qolayotganiga jiddiy qarash zarur.

Bugungi kunda respublikamizdagi turar joy fondini saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzuridagi Ko`p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Inspeksiya o`z faoliyatini amalga oshirish jarayonida ko`p xonadonli uylarni saqlash va ulardan foydalanishning mavjud qoida buzilishlarini bartaraf etish bo`yicha majburiy ko`rsatmalar berib kelmoqda. Tabiiyki, bu kabi ko`rsatmalar hammaga birdek ma`qul bo`lmaydi. Biroq ko`p xonadonli uylarni saqlash va foydalanishda yo`l qo`yilgan qoida buzilishlar bartaraf etilishi xususiy uy-joy mulkdorlarining tinch, xavfsiz yashashi garovidir.

Prezidentimizning 2017 yil 18 apreldagi “Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan inspeksiya o`ziga berilgan vakolatlar doirasida ko`p xonadonli uy-joy fondini saqlab turish va ulardan foydalanish sohasida vakolatli organ sifatida to`liq shakllantirilib, respublikaning barcha hududlarida o`z faoliyatini yuritib kelmoqda.

– Bugungi kunda inspeksiyamiz tomonidan shaharsozlik va qurilish qoidalariga zid bo`lgan binolar ro`yxatga olinmoqda, – deydi Uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish vazirligi huzuridagi Ko`p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig`i Abdunazar Erdonov. – Joylarda o`zboshimchalik bilan turar joylarning konstruksiyalariga o`zgartirish kiritish tabiiy ofatlarga bardosh bera olmaydigan ahvolga olib kelmoqda. Shu sabab bunday huquqbuzarliklarni o`z vaqtida bartaraf etishga alohida e`tibor qaratmoqdamiz. 2018 yilda uy-joy fondidagi 9 ming 758 ko`chmas mulk egasi o`zboshimchalik bilan barpo etgan binolar mavjudligi aniqlandi. Bu borada aholiga majburiy ko`rsatmalar berilib, noqonuniy binolar buzdirildi. Ayrim holatlar bo`yicha majburiy tartibda buzdirishga oid da`vo arizalar sudlarga taqdim etildi. Shuningdek, 51 holatda aniqlangan huquqbuzarlik yuzasidan to`plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborildi.

    Boshqa yangiliklar