AsosiyJamiyat

Davlat xizmatlari agentligining "ishonch telefoni"ga ko`proq qanday murojaatlar kelib tushmoqda?

'Davlat xizmatlari agentligining "ishonch telefoni"ga ko`proq qanday murojaatlar kelib tushmoqda?'ning rasmi

Davlat xizmatlari agentligi tomonidan 2018 yil oktyabr-dekabr oylari davomidaishonch telefoni orqali kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tahlil qilindi.

Tahlillar natijasida Agentlikka shu davr mobaynida “ishonch telefoni” orqali jami 49 ta murojaatlar kelib tushganligi aniqlandi. Shundan, 47 tasi bevosita jismoniy shaxslardan, shuningdek 2 tasi yuridik shaxslardan kelib tushgan bo`lib, ularning barchasi Agentlik mas`ul xodimlari tomonidan ko`rib chiqilgan.

Mazkur murojaatlarning 15 tasi(31%) qanoatlantirilgan, 32 tasi (65%) bo`yicha huquqiy tushuntirish berilgan, 2 tasi (4%) taalluqliligi bo`yicha tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan.

Ishonch telefoni orqali kelib tushgan murojaatlarning 18 tasi shikoyatlar, 30 tasi ariza va takliflar hamda 1 tasi ko`rsatilgan davlat xizmati yuzasidan tashakkurnoma bildirilgan.

Agentlik rahbariyati tomonidan kelib tushayotgan shikoyatlarni qanoatlantirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Xususan, fuqaro A.V Namangan shahar davlat xizmatlari markaziga 2018 yil 2 noyabrida o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratiga mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha ariza bilan murojaat qilganligini, biroq komissiya a`zolardan biri DSENM tomonidan berilgan rad javobidan noroziligini bildirib, amaliy yordam berishlarini so`ragan.

Mazkur murojaat Agentlikning mas`ul xodimlari tomonidan o`rganib chiqilib, 2018yil 26 noyabr kuni komissiya a`zolarining ijobiy xulosalari asosida dalolatnoma rasmiylashtirilishi ta`minlangan hamda fuqaro tomonidan belgilangan to`lovlar amalga oshirilgach, egalik huquqini beruvchi xokim qarori tasdiqlanishi tushuntirilgan. Shu kabi muammo bilan murojaat qilgan fuqarolar M.M, A.V, B.I.larning ham murojaatlari ijobiy hal qilib berilgan.

Tahlil natijalari shuni ko`rsatdiki,so`ngi 3 oy davomida “ishonch telefoni” orqali eng ko`p kelib tushgan murojaatlar asosan fuqarolarga davlat xizmatlari ko`rsatilishida yuzaga kelgan tushunmovchiliklar (17 ta), o`zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqini olish (13 ta), boshqa vakolatli organlarga nisbatan chora ko`rish (4 ta), va boshqa masalalarga (15 ta) oid murojaatlarga to`g`ri kelmoqda.

Eng ko`p fuqarolar tomonidan “ishonch telefoni” orqali kelib tushayotgan murojaatlarda Davlat xizmatlari markazlarida yashash joyi haqida mahalladan beriladigan ma`lumotlarni ololmayotganligidan shikoyat qilish holatlari ko`p uchramoqda. Vaholanki, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan faqat manzil-ma`lumot berilishi, bu ma`lumot mahalladan beriladigan ma`lumot bilan tubdan farq qilishi, mahalladan beriladigan ma`lumotlar davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilmasligini ta`kidlab o`tish joiz. Mazkur ma`lumotlar o`rtasidagi farqni bilmaslik natijasida fuqarolar orasida turli talqinlar va tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.

Bundan tashqari, murojaatlar kelib tushishiga sabab bo`layotgan xizmatlardan biri bo`lgan Ko`chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e`tirof etish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatilishi bo`yichao`rganilgandaasosan idoralarning ish hajmi ko`pligi, joylarda internetning uzluksiz tarzda ishlamayotganligi, mas`ul xodimlarning etishmasligi, muddatlarning qisqaligi sababli arizalar o`z vaqtida ko`rilmayotganligi, shu bilan birga, ayrim idoralarda mas`ul xodimlar biriktirilmaganligi, komissiya a`zolari tarkibiga kiruvchi davlat organlari tomonidan o`z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarayotganliklari, buning natijasida mazkur davlat organlari tomonidanmuddat buzilishi holatlariga yo`l qo`yilayotganligi aniqlandi.

Davlat xizmatlarini ko`rsatish sohasida yo`l qo`yilayotgan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan Agentlik tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan ta`sir choralar qo`llanilmoqda.

Muhimi, davlat xizmatlari markazlari xodimlariga fuqarolar bilan munosabatda muomala madaniyati qoidalariga qat`iy amal qilishlari talab etilib, “Murojaatchi – doim haqdir” tamoyiliga so`zsiz rioya qilishlari belgilab qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar