AsosiyJinoyat

O`z onasining pullarini o`g`irlagan yigit javobgarlikka tortildi

'O`z onasining pullarini o`g`irlagan yigit javobgarlikka tortildi'ning rasmi

Farg`onada o`z onasining uyiga o`g`rilikka tushib, temir seyfni buzib ichidagi pullarni o`z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan xavfli residivist yana qamoqqa tushdi, deb yozmoqda O`zA.

24 yoshni qarshi olayotgan Zuhriddin Boltaev ilgari o`g`irlik va firibgarlik jinoyatini sodir etib, sud hukmi bilan unga 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tumani sudining 2018 yil 7 iyundagi ajrimiga ko`ra, Jinoyat Kodeksining 74-moddasiga asosan o`talmay qolgan 2 yil 4 oy 4 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. U Farg`ona shahar “Mehribonlik” mahalla fuqarolar yig`inida jamoat ishlariga jalb qilingan edi. “O`rtangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas” deganlaridek, u yana jinoyatga qo`l urdi. Bu safar o`zi yashaydigan xonadonga o`g`rilikka tushdi.

Z. Boltaev onasi G. Murodovaga tegishli bo`lgan temir seyfning ichida pul borligini anchadan beri bilardi. U xonadonida hech kim yo`qligidan foydalanib, seyfni olib chiqib, ustaxonaga olib boradi. U erda ishlaydigan ustaga temir seyfni o`ziga tegishli ekanligini, kalitini yo`qotib qo`yganligini aytib, temir seyfni ochtiradi. Quti ichida onasiga tegishli 1 ming 800 AQSh dollari va 1 million 400 ming so`m miqdordagi pullar bor edi. Zuhriddin bu pullarni olib, ustaga yangi qulf olib kelishini, ushbu qulfni temir seyfga o`rnatib berishini aytib, qutini tashlab ketib yuborib, jinoiy faoliyati natijasida topgan pullarni o`z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 1 dona temirdan yasalgan seyfni usta M.Isanbekovdan xolislar ishtirokida bayonnoma tuzilib, ashyoviy dalil tariqasida olingan. Jinoyat natijasida etkazilgan moddiy zarar dastlabki tergov davrida to`liq bartaraf qilindi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudi tomonidan Z. Boltaevga nisbatan mazkur jinoyat ishi ko`rib chiqilib, 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar