AsosiyJamiyat

Ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari faoliyati baholab boriladi

'Ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari faoliyati baholab boriladi'ning rasmi

Endilikda Bosh vazir o`rinbosarlari, vazirlar va davlat qo`mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Qonunchilik palatasi tomonidan ma`qullanadi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 yanvardagi “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas`uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida” Farmoni bilan Hukumat faoliyatini tubdan takomillashtirishning asosiy yo`nalishlari belgilandi.

Hujjatga ko`ra, 2019 yil 1 apreldan:

• Bosh vazir o`rinbosarlari, vazirlar va davlat qo`mitalari raislari lavozimlariga nomzodlar Qonunchilik palatasi tomonidan ma`qullanadi. Bunda nomzodlar o`zlarining harakatlar rejalarini taqdim etishi lozim;

• barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ularning rahbarlari faoliyati baholab boriladi;

• Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislari tizimli asosda o`tkaziladi;

• Bosh vazir Hukumat a`zolari bilan birgalikda har chorakda Oliy Majlis palatalariga Davlat dasturining amalga oshirilishi to`g`risida hisobot taqdim etadi.

2019 yil 1 maygacha vazirliklar, davlat qo`mitalari, Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar hamda xo`jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to`g`risida”gi (yangi tahrirda) hamda “Strategik rejalashtirish to`g`risida”gi Qonunlar qabul qilinadi.

Davlat boshqaruvi organlari xodimlarining mehnatiga haq to`lash miqdorlari mehnat natijalari, bajariladigan mehnat funksiyalarining murakkabligi va javobgarligi bilan chambarchas bog`liq holda takomillashtiriladi.

    Boshqa yangiliklar