AsosiyJinoyat

​Qo`qonda bosqinchilik va o`g`irlik bilan shug`ullanib kelgan jinoiy guruhga hukm o`qildi

'​Qo`qonda bosqinchilik va o`g`irlik bilan shug`ullanib kelgan jinoiy guruhga hukm o`qildi'ning rasmi

Qo`qon shahrida odamlarni hayoti va sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitib, o`zgalarning mulkini bosqinchilik va o`g`irlik yo`li bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qo`lga olinib, ularga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Madamin Olimov (ismi familiyasi o`zgartirilgan) 2014 yilda ichki ishlar idorasidan bo`shatilganidan so`ng moddiy boylik orttirish maqsadida jinoiy guruh tashkil etib, unga rahbarlik qilib kelgan. Achinarlisi, u o`z tug`ishgan ukasi, Uchko`prik tumanida profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelayotgan J. Olimovni ham bunga jalb etadi. Ular A. Bakimatov, K. Ahmedovlar bilan oldindan til biriktirib, uy-joyga g`ayriqonuniy ravishda kirib, o`zganing ancha miqdordagi mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish hamda qurol bilan hujum qilib, bosqinchilik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etgan.

A.Bakimatov 2017 yil 20 sentyabr kuni tanishi D.Lyubimov o`ziga tegishli “Damas” avtomashinasini 6 ming 200 AQSh dollariga sotganidan xabar topib, sinfdoshi M. Olimovga buni aytadi. Madamin o`z navbatida A.Bakimatovga ukasi bilan bog`lanish haqida topshiriq berib, D.Lyubimovni uyga keltirmaslik choralarini ko`rish vaqtida ushbu pullarga egalik qilishga o`zaro kelishishgan. Shundan so`ng A.Bakimatov J. Olimovga “ov” haqida qo`ng`iroq qilib, bu haqda ma`lum qilgan. J.Olimov sinfdoshi K.Ahmedov bilan birgalikda Qo`qon shahriga borib, D.Lyubimovning uyidan pullarni olib chiqishi haqida topshiriq beradi.

K.Ahmedov D.Lyubimovning uyiga devor orqali g`ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon ichidagi shkafdan 5 ming 800 AQSh dollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan. Shundan so`ng K.Axmedov o`g`irlik yo`li orqali olib chiqilgan pullarni J. Olimovga bergan. J.Olimov esa mazkur pullarni guruh a`zolari o`rtasida o`zaro taqsimlab, o`z ehtiyojlariga sarflab yuborganlar.

Bundan tashqari, M. Olimov Qo`qon shahridagi akademik liseyda birga ishlovchi S.Xolmatov bilan yaqin munosabatlarga kirishib, uning Qo`qon shahar Parpashabof ko`chasidagi uyida pul va tilla taqinchoqlar borligidan xabar topib, uni qo`lga kiritish bo`yicha jinoiy reja tuzgan. Rejaga ko`ra, Madamin 2018 yil 11 yanvar kuni soat 09:00 larda S.Xolmatovni ishga olib ketish bahonasi bilan uning uyiga kelib, uyda keksa D.Mirsadiqovaning qolishligiga erishib, S.Xolmatovni ishga olib ketib, bu haqda guruh a`zolariga xabar bergan.

Shundan so`ng, J.Olimov shu kuni soat 11:00 larda K.Ahmedov va A.Bakimatov bilan birga temiryo`l vokzali yaqinida uchrashib, ularni o`zining boshqaruvidagi transport vositasida Qo`qon shahar Po`stindoz ko`chasiga olib kelgan.

K.Ahmedov va A.Bakimatov D.Mirsadiqova yashab kelayotgan uyga kelishib, atrofida xech kim yo`qligiga ishonch hosil qilishganidan so`ng, o`zlari bilan olib kelingan tibbiyot niqobini yuzlariga taqib, qo`llariga qo`lqop kiyib, uyni ochiq turgan darvozasi orqali hovliga bostirib kirishadi. D.Mirsadiqova turgan xonaga kirib, uni og`zini yopib, bo`ynidan bo`g`ib, hayot va sog`liq uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatib, uy oshxonasidagi pichoq bilan qurollanib, o`ldirish bilan qo`rqitib, undan pul va tilla taqinchoqlarni berishni talab qilishgan. 14 million 450 ming so`mlik mulklarni bosqinchilik yo`li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur jinoiy guruh qilmishlari olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari davomida O`zbekiston Respublikasi IIV O`z xavfsizligi boshqarmasi Farg`ona viloyat bo`limining xodimlari tomonidan fosh etildi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi tomonidan jinoyat ishi ko`rib chiqilib, jinoyat uchun jazo muqarrarligi tamoyiliga rioya qilingan holda, sudlanuvchilar M. Olimov va J. Olimovlarga uzil-kesil 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. K. Ahmedov va A. Bakimatovlar ham qilmishlariga yarasha jazoga tortildi.

    Boshqa yangiliklar