Toshkent temir yo`l muhandislari instituti birinchi bosqich talabasi 21 yoshli (ism-familiyalar o`zgartirilgan) N.V. kursdoshlari bilan birga Toshkent shahri Mirobod tumanidagi ko`p qavatli uylardan birida ijarada yashardi.
2018 yil 20 dekabr kuni kechasi xonadoshlar o`rtasida arzimas sababdan janjal chiqdi. Ayblanuvchi N.V. jahl ustida stol ustida turgan oshxona pichog`i olib, tanishi K.M.ga og`ir tan jarohati etkazadi. Oqibatda jabrlanuvchi tez yordam mashinasida kasalxonaga yotqizilgan. Bu haqda O`zA xabarida aytiladi.
Mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov-surishtiruv o`tkazib, tibbiy ekspertiza xulosalari olindi.
Sud majlisida ish hujjatlari to`liq o`rganilib, guvohlar ko`rsatmalari tinglandi. Aybdor qilmishiga iqror bo`ldi. Unga O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi tegishli moddasiga binoan jazo tayinlandi.
Ochiq sud majlisida soha mutaxassislari, tuman faollari yoshlar o`rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, ichki ishlar idoralarida profilaktik hisobda turuvchi voyaga etmaganlar, jinoyat sodir etishga moyilligi bo`lgan yoshlar bilan ishlash masalalari bo`yicha fikr almashdi.






