Avvalroq Qo`qon shahrida odamlarni hayoti va sog`lig`i uchun xavfli bo`lgan zo`rlik ishlatish bilan qo`rqitib, o`zgalarning mulkini bosqinchilik va o`g`irlik yo`li bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qo`lga olinib, ularga nisbatan sud hukmi chiqarilgani haqida xabar berilgan edi.
Sobiq ichki ishlar xodimi bosh bo`lgan mazkur jinoiy guruh qotillik jinoyatini ham sodir etgan bo`lib, Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyati sudi tomonidan ularga hukm o`qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Har bir ota ona farzandining baxtini, rohatini ko`rishni istaydi. Ichki ishlar idorasi xodimi bo`lib ishlayotgan Madamin Olimov (ismi familiyasi o`zgartirilgan)ning onasini niyatu orzulari bir olam edi. Odamlarning tinchligiyu xavfsizligi uchun javobgar bo`lgan profilaktika inspektorining o`zi esa “oila” degan muqaddas dargohni oddiy havaslarga almashdi...
Sudning hukmiga ko`ra, M.Olimov Qo`qon shahar IIB HOOB profilaktika noziri lavozimida ishlab kelgan davrda Sh. Nazarova bilan tanishib, sha`riy nikoh asosida uning xonadonida yashab kelib, qiz farzandli bo`lishib, oila qurishga ahdlashgan bo`lsada, onasi unga uylanishiga rozilik bermasdan, 2014 yil yanvar oyida onasining tavsiyasiga ko`ra K.G bilan qonuniy nikohdan o`tib, unga uylanadi. Buni M. Olimov Sh.Nazarovadan yashirishga harakat qilgan bo`lishiga qaramasdan u bundan xabar topib, K.Gning ish joyiga borib u bilan o`zaro janjallashgan va M. Olimov qonuniy turmush o`rtog`i K. G bilan yashashni davom ettirsa, uning jinoiy sheriklari bilan amalga oshirgan qonunga xilof ishlari va axloqqa zid qilmishlari haqida ma`lumotlarni huquqni muhofaza qiluvchi organ rahbarlariga topshirishni bildirgan. Shu bilan topshirmaslik evaziga 4 ming AQSh dollari berishni talab qilib, uni qo`rqitib kelgan.
Shundan so`ng, M. Olimov, ukasi J.Olimov va sherigi A.Bakimatovlar bilan bir guruh bo`lib, muqaddam sodir etgan jinoyatlarining fosh etilishini oldini olish uchun Sh.Nazarovani qasddan o`ldirish harakatiga tushishadi. Ular 2014 yil 25 aprel kuni soat 00:18 larda Sh.Nazarovaning yashash xonadoni oldiga kelishib, uni mashinaga o`tirg`izadi. Ayol qabih niyatli bu kishilarning qo`lida o`lim topdi.
Shundan so`ng, oldindan kelishuvga ko`ra, mazkur qotillik jinoyatini yashirish maqsadida uning murdasini qabristonga olib kelishib, ko`mib yuborishgan.
Oradan yillar o`tib, ularning boshqa jinoyatlari yuzasidan olib borilayotgan tezkor tadbirlar davomida ushbu qotillik jinoyati ham fosh etildi.
Jinoyat ishlari Farg`ona viloyati sudining hukmi bilan M. Olimovga avvalgi jazoni yangi jazoga qisman qo`shilib, uzil-kesil o`tash uchun 20 yil, J. Olimov va A. Bakimatovlarga esa 19 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
— Mutasaddi tashkilot va o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan oila jamiyatning negizi ekani, oila qurish va o`zaro kelishuv asosida qurilgan oilalarning mustahkamligini saqlab qolish, oilaning muqaddas ekani borasidagi tushuntirish va targ`ibot ishlari etarli darajada amalga oshirilmaganligi, oilalardagi aniqlangan muammo va kamchiliklarga befarq qaralishi va ularni bartaraf qilish choralari ko`rilmagani oqibatida mazkur qotillik jinoyati sodir etilgan, – deydi Jinoyat ishlari bo`yicha viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov. – Avvalo, ota-onalar yangi oila qurayotgan farzandlarning kelajagi va yosh oilalarning baxti bardavom bo`lishi yo`lida befarq bo`lmasliklari kerak. Sud mazkur jinoyatni sabablarini tahlil qilib, tegishli organ va o`zini o`zi boshqarish organlariga mazkur toifadagi jinoyatlarni sodir etilishini oldini olish xususida xususiy ajrimlar chiqardi.






