Tinch, osuda Vatanda, oila, yaqinlar bag`rida huzur halovatda yashashga nima etsin. Bunday baxt, ayniqsa, uzoq yillik ayriliq, sargardonlikni boshdan kechirgan Zumrad Ollaberganova uchun yanada qadrli, deb yozmoqda O`zA muxbiri.
Sababi, mana shunday farovon hayotni, farzandlari bilan birga baxtli turmush kechirishni, oz emas, yigirma yil davomida orzu qilgan bu ayol o`tgan vaqt mobaynida juda ko`p voqealarni boshdan kechirdi.
1997 yil Zumrad Ollaberganova turmush o`rtog`ining aldovlariga uchib O`zbekistondan chiqib ketadi va ular “O`zbekiston Islom Harakati” xalqaro terroristik tashkilotining jangarilar tayyorlash lageriga borishadi.
1997 yildan 2018 yilga qadar Tojikiston, Afg`oniston, Pokiston hududlarida “O`zbekiston Islom Harakati” tashkiloti tomonidan tashkil qilingan “ayollar jamoatlari” safida bo`lgan Zumrad Ollaberganova jangovar harakatlarda ishtirok etish va mahoratini oshirish bo`yicha tayyorgarlikdan o`tadi.
Eng achinarlisi terroristik tashkilot ishlariga 1996 yilda tug`ilgan o`g`li Muhammadyoqub Ollamovni ham jalb etadi. Muhammadyoqubga yuz berayotgan voqealarni tasvirga olish hamda ularni internet tarmog`iga joylashtirish va shu orqali odamlarni qiziqtirib, tashkilot a`zolarining sonini ko`paytirish vazifasi yuklatilgan edi.
Afsuski, yoshgina Muhammadyoqub terroristik tashkilot tarkibida Pokiston hukumati qo`shinlariga qarshi o`tkazilgan jangda halok bo`ladi.
Turmush o`rtog`i Norbek Ollamov esa 1999 yilning oktyabrida bir guruh jangarilar qatorida Toshkent viloyati Angren shahriga suqulib kirmoqchi bo`lganda yo`q qilinadi. Zumrad Ollaberganova 2000 yilda boshqa bir jangari Baxtiyor Navro`zmatovga sha`riy nikoh asosida turmushga chiqib, Sumayya ismli qiz farzand ko`radi.
Zumrad Ollaberganova yuz bergan notinchliklardan keyin boshqa ayollar singari Pokistonning Janubiy Vaziriston mintaqasining Vana qishlog`iga ko`chiriladi. Bu erda Sojida ismli farzandi tug`iladi.
Notinch hayotning azob va uqubatlari ta`sirida yashash Zumrad Ollaberganovaga ham, uning farzandlariga ham oson kechmaydi.
Chegaradan o`tib, O`zbekiston hududiga farzandlari bilan birgalikda eson-omon kirib kelgan ayol xatolarini allaqachon tushunib etgan edi. Endi uni jamiyatga, sog`lom hayotga qaytarish lozim.
Zumrad OLLABERGANOVA: "Ba`zi bir adashgan yoshlar singari... turmush o`rtog`im ham adashganlar qatoriga kirib, shu adashganlar yo`lida davom etib, menga ham asta-asta da`vat qilib boshladi"
Bularning yo`nalishlaridan xabar topganimdan keyin, men iloji boricha vatanga qaytishga xarakat qilganman, uydagilar bilan gaplashib qanday qaytish yo`llari borligini izlaganman. Shu bilan yana janglar, urushlar u tarafning og`ir hayotiboshlandi. 2015 yil biz Afg`onistonga yana shu guruh bilan qaytdik, guruh ichida kimki qaytishini sezdirib qo`ysa otib tashlanar yoki yosh bolasi qo`ldan olib qo`yilar edi. Xudoga shukurki 2018 yil iyul oyida bollarim bilan sakkiz jon O`zbekiston konsulligiga pushaymonlik arizasi bilan kirib bordim.
Men xato yo`llardan yurganliklarimdan pushaymonman, Prezidentimizdan va xalqimizdan kechirim so`rayman".
Har qanday noqonuniy xatti-harakat uchun jazo muqarrarligi qonunlarimizda aks etgan. Shu bilan birga jazo tayinlashda sudlanuvchining chin dildan pushaymonligi, bilib bilmay jinoyatga qo`l urgani hamda boshqa holatlarning ham inobatga olinishi bag`rikeng xalqimizning qonun doirasida beriladigan engilliklari sanaladi. Zumrad Ollaberganovaga oid jinoyat ishini ko`rib chiqishda sud barcha holatlarni e`tiborga oldi.
Ra`no KAMOLOVA (jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi): "O`zbekiston Respublikasi JKning 2442 1-qismi bilan ayiblanib sudga berilgan Ollaberganova Zumrad Kamilovnaga nisbatan bo`lgan jinoyat ishishni ko`rib chiqdik. Sud jarayornida Ollaberganova Zumrad o`z aybiga iqror bo`lib, pushaymonlik bildirganligi, shuningdek, uning 6 nafar voyaga etmagan farzandlari borligi, xotin qizlar qo`mitasi tomonidan kafillik xatlari berilganligini inobatga olib, unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Muhimi endi uning qo`rqinchli va darbadar hayoti ortda qoldi. Tahlikali kunlar ta`sirida haligacha savodini chiqara olmagan farzandlari uchun ham yaxshigina sharoitlar yaratildi. Ular endi tengdoshlari bilan miriqib o`ynaydilar, bilim oladilar. Yomonni ko`rib, yaxshini qadriga etish tushunchasi Zumrad Ollaberganovaga ham, uning farzandlariga ham begona emas. Faqat bundan to`g`ri xulosa chiqarilsa, bas.






