«Bilayn» aloqa operatori tomonidan o`tkazilayotgan aksiya doirasida oktyabr oyida kvartira yutib olgan andijonliklar mojarosi ijobiy hal bo`ldi, deb xabar bermoqda Xushnudbek.uz.
Ma`lum bo`lishicha, «Bilayn» kompaniyasi tomonidan o`tkazilayotgan «Innovasiya» global aksiyasi doirasida andijonliklarga kvartira yutug`i chiqqan. Yutuq chiqqan raqam foydalanuvchining onasi, 2010 yilda vafot etgan Rohatoy opa nomiga rasmiylashtirilgan bo`lgan. Onasining vafotidan keyin oila ushbu raqamni onasidan xotira sifatida 4 yil davomida foydalanib kelgan. Biroq raqamni qayta rasmiylashtirmagan.
Yutuq chiqqandan so`ng, ular «Bilayn» kompaniyasining Andijon viloyati bo`yicha bosh ofisiga murojaat qilgan. Hududiy ofis vakillari dastlab yutuqni berishni, uni olish uchun qanday hujjatlar kerakligini aytgan. Ma`lum muddat o`tgach esa, ular kvartirani bermaslikka haqqi borligini, ushbu masala faqat Toshkentdagi Bosh ofis orqaligina hal bo`lishi mumkinligini ta`kidlagan.
Toshkentdagi Bosh ofisga murojaat qilinganda, kvartirani bermaslikka uzil-kesil qaror qilinmagani, hozirda muhokama qilinayotgani, 14 kun ichida natijasi haqida xabar berilishi ma`lum qilingan.
Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdievning fikricha, bunday vaziyat O`zbekistonda birinchi marta kuzatilayotgan bo`lgani uchun umumiy qoidalar bo`yicha hukm qilishga urinilsa, «Bilayn» kompaniyasi yutuqni bermaslikni istasa, bunga haqli ekanligi oydinlashadi.
Biroq «Bilayn» birgina bu holatning o`zidan tashqari uning yirik kompaniya imijiga ta`sir qilishini ham o`ylab qaror qilgan. 15 oktyabr kuni kompaniyaning bosh ofisiga chaqirilgan andijonlik oila vakiliga turli rasmiylashtirish ishlaridan keyin, aksiya qoidalariga ko`ra g`olibga o`zi doimiy ro`yxatdan o`tgan hududdan 2 xonali uy qiymatidagi pul mukofoti (g`olib istagiga ko`ra) − 99 million 773 ming 520 so`m, 22 foizlik daromad solig`i chiqarib tashlanganda 77 million 823 ming 345 so`m topshirilgan.





