Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudida sudlanuvchi M.S. ga tegishli jinoyat ishi ko`rib chiqildi, deb yozadi O`zA.
Sud hukmiga ko`ra, M.S 2018 yil 1 noyabr kuni 152-sonli maktab oldida voyaga etmagan K. N.ning bo`layotgan voqeani to`liq anglab etish qobiliyatiga ega emasligidan foydalangan holda, aldov yo`li bilan qulog`idagi 1 million 250 ming so`mlik tilla ziraklarini echib oladi. Ushbu ziraklarni K. N.ning sumkasiga solib qo`ygandek harakat qilib, o`ziga olib qoladi. Ya`ni o`zganing mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashirinadi.
Bundan tashqari, M.S 2018 yil 16 noyabr kuni aldov yo`li bilan voyaga etmagan M.I. va M. T.ning qulog`ida bo`lgan har birining narxi 500 ming so`mlik tilla ziraklarni echib olib, o`rniga xuddi shunga o`xshash sariq metalldan yasalgan ziraklarni ularning sumkalariga solib qo`yadi va voqea joyidan yashirinadi.
Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi.
M.S.ga jazo tayinlashda uning sodir qilgan jinoyatiga to`liq iqrorligi, moddiy zarar to`liq qoplanganligi, muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy va moddiy ahvoli inobatga olindi.
Jinoyatning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasi va shaxsi e`tiborga olinib, insonparvarlik va odillik prinsiplariga amal qilindi va sudlanuvchiga tegishli jazo tayinlandi.