AsosiyJamiyat

​MIB xodimi 150 dollar bilan qo`lga tushdi

'​MIB xodimi 150 dollar bilan qo`lga tushdi'ning rasmi

So`nggi vaqtlarda egallab turgan xizmat mavqei va odam­larning davlat organi xodimiga bo`lgan ishonchini suiiste`mol qilish hollari tez-tez uchrab turibdi. Majburiy ijro byurosi Farg`ona tuman bo`limi davlat inspektori lavozimida ishlagan 29 yoshli, ikki nafar farzand­ning otasi Umidjon Karimovni ham nafs balosi tinch qo`ymadi, shekilli, xizmat mavqeidan foydalandi...

U Farg`ona tumani, “Ilg`or” mahalla fuqarolar yig`ini hududidagi uyda yashov­chi S. Xolmatovning uyiga boradi. Uning tabiiy gazdan 482.928 so`m 36 tiyin qarzdorligini 2.850.000 so`m ekanini aytib, 150 dollar pulini aldov bilan oladi. Vaholanki, foydalanilgan tabiiy gaz uchun to`lovlarni Majburiy ijro byurosi Marg`ilon shahar bo`limi davlat inspektorlari tomonidan undirilishini bilgan.

"ISTE`MOLChINI ALDADIM"

Sudlanuvchi Umidjon KARIMOV sudda aybiga iqror bo`lgan.

— Davlat inspektori sifatidagi vazifalarimga elektr, tabiiy gaz­dan foydalanayotgan iste`molchilar tomonidan to`lovlarni o`z vaqtida to`lanishini nazorat qilish, o`zimga bi­riktirilgan hududdagi fuqarolarning uyiga o`rnatilgan elektr va tabiiy gaz hisoblagich ko`rsatgichlarini tekshirib, kompyuter bazasiga kiritish yuklatil­gan. Shuningdek, fuqarolarni elektr va tabiiy gazdan noqonuniy foydala­nishlarini aniqlash va joyida holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashti­rish, qarzdorligi bo`lgan fuqarolarga qonunda belgilangan tartibda talabno­malar berish, o`z vaqtida qarzdorligini to`lamagan iste`molchilarni tarmoqdan uzish va bu haqda dalolatnomalar rasmiylashtirish va boshqa shu kabi vazifalar ham kirgan. Majburiy ijro byurosi Farg`ona tumani bo`limi boshlig`ining 2018 yil 9 apreldagi vazi­falar taqsimoti to`g`risidagi buyrug`iga asosan tumandagi “Xonqiz” va “Qo`riq” mahalla fuqarolar yig`ini hududiga biriktirilganman. Lekin yangi xodim bo`lganim, ishni yaxshi tushunmaganim bois ish o`rganish maqsadida “Ilg`or” mahalla fuqarolar yig`iniga birikti­rilgan Majburiy ijro byurosi Farg`ona tuman bo`limi davlat inspektori V.Koychiev bilan birga o`zimga yuklatilgan vazifalarni bajarib kelganman. 25 yo 26 may kuni “Ilg`or” MFY hududida joy­lashgan namunaviy loyihadagi uylarda vazifamni bajarib yurganimda, bir xonadonning elektr energiyasidan qarzi borligi va qarzdorlik to`lanmay kelina­yotganini aniqladim. “MIB inspektori” programmasiga kiritilgan abonentning telefoniga tushib bo`lmagani sabab,

o`zimning raqamimdan Majburiy ijro byurosidan ekanimni aytib, unga qo`ng`iroq qilishini yozib yubordim. Xonadon egasi Sirojiddin menga qo`ng`iroq qilganida foydalanilgan elektrdan 438.000 so`m qarz bo`lib qolgani haqida aytdim. U uzoqda ekani, ikki kundan keyin qarzini to`lashini bildirdi. S. Xolmatov bilan 28 may kuni Farg`ona shahrida joylashgan choyxona oldida ko`rishdik. 440.000 so`m qarzini menga biriktirilgan termo­printerdan to`lovni amalga oshirdim. To`lov hujjatini iste`molchiga berdim. Shu payt S. Xolmatov foydalanilgan tabiiy gazdan bo`lgan qarzdorligini ham hisoblab berishimni, tabiiy gaz uchun ham to`lovlarni to`lashini aytdi. Aslida bu hududdagi iste`molchilarga tabiiy gaz Marg`ilon shahridan etkazib berilgan. Sarflangan tabiiy gazning pullarini undirish bevosita Majburiy ijro byurosi Marg`ilon shahar bo`limi davlat inspektori A. Raximov tomoni­dan undirilishini bilardim. Biroq iste`molchini aldab, to`lovlarni o`zim qabul qilishimni aytdim. Shu kuni kechki payt soat to`rt-beshlar chamasi S. Xolma­tov o`z gaz hisoblagich ko`rsatkichlarini “SMS” orqali yubordi. Foydalanilgan tabiiy gaz miqdori 9106 kubometr eka­ni, bir kubometr gazning o`sha paytdagi narxi (289 so`m 74 tiyin)dan kelib chiqib, 2.638.372 so`m qarzdorlik mav­judligini aytdim. S. Xolmatov “bunday bo`lishi mumkin emas”, dedi. Ertaga uyiga borib ko`rishimni bildirdim. 29 may soat taxminan to`rtlar chamasi­da S. Xolmatovning uyiga borib, gaz hisoblagich ko`rsatkichlarini ko`rib, unga gazdan foydalanishi bo`yicha abonent daftarchasini olib chiqishini aytdim. Abonent daftarchasida hech qanday to`lov kvitansiyalari yo`qligini ko`rib, gaz hisoblagichini 9106 ko`rsatkichi uchun 2.638.372 so`m to`lashi kerakligini ayt­dim. S. Xolmatov baribir ishonmadi. Unga yordam qilishimni aytdim, shunda S. Xolmatov 150 dollarni to`lov uchun berdi. Undan pul va abonent daftar­chasini olib, uyidan chiqib ketdim. S.Xolmatovning foydalanilgan gazdan aslida qancha qarzi borligini bilish maqsadida, Majburiy ijro byurosi Marg`ilon shahar bo`limi davlat inspektori A. Raximovdan so`raganimda, 483.000 so`m qarzi borligini aytgandi. S. Xolmatovdan olgan 150 dollarning 50 dollarini bankdan so`mga aylanti­rib, iste`molchining foydalanilgan tabiiy gazdan bo`lgan qarzdorligini to`ladim. Qolgan 100 dollarni egasi­ga qaytarmay, o`z ehtiyojlarim uchun ishlatdim. S. Xolmatovga etkazilgan zarar to`liq qoplandi. Qilgan ishimdan pushaymonman.

Xudoberdi XOLIQOV,

Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi sudyasi:

— U. Karimovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan 45-modda qo`llanilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Ashyoviy dalil tariqasida e`tirof etilib jinoyat ishiga qo`shilgan va hozirda ATB “Agrobank” Farg`ona filialida saqlanayotgan 100 AQSh dollari miqdoridagi pul jabrlanuvchi Xolmatov Sirojiddin Soibdjonovichga qaytarildi.

Moddiy zarar to`liq qoplangani va jabrlanuvchi S. Xolmatovning sudlanuv­chiga nisbatan hech qanday da`vosi yo`qligi e`tiborga olindi.

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

    Boshqa yangiliklar