AsosiyJinoyat

Etti kishining umriga zomin bo`lgan YTH sodir etgan shaxsga sud hukmi o`qildi

'Etti kishining umriga zomin bo`lgan YTH sodir etgan shaxsga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hududida etti kishining hayotiga zomin bo`lgan mudhish yo`l transport hodisasi to`g`risida videoroliklar tarqalgan edi.

Sudlanuvchi A. Qiziltepa tumani “XXX” MChJda haydovchi bo`lib ishlab kelib, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida fuqarolar o`limiga sababchi bo`lgan.

Shuningdek, ehtiyotsizlik orqasida hamda xavf ostida qoldirish, ya`ni hayoti yoki sog`ligi xavf ostida qolgan va o`zini o`zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo`lgan shaxsga yordam ko`rsatmaslik, basharti aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo`lsa yoxud aybdorning o`zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo`ygan va bu hol odamlar o`limiga sababchi bo`lishda ifodalangan jinoyatni quyidagi holatda qasddan sodir etgan.

Jumladan, sudlanuvchi A. 2018 yil 10 oktyabr kuni soat 01:00 larda o`ziga “XXX” MChJ tomonidan biriktirilgan “SHAANXI SX” rusumli 85/442 XXX davlat raqamli yuk avtomashinasini “Yo`l harakati qoidalari”ning 12-bandiga ko`ra, haydovchiga, transport vositasini mastlik holatida sezgirlik va e`tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta`sirida, yo`l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida boshqarish taqiqlanishi to`g`risidagi qoida talablarini qo`pol ravishda buzib, mast holatda Karmana tuman hududidan o`tgan M-37 avtomobil yo`lidan Karmana-Qiziltepa tumanlari yo`nalishi bo`yicha boshqarib kelgan.

Ushbu yo`lning 188-kilometriga etib kelganida, “Yo`l harakati qoidalari”da belgilanganidek haydovchi harakatlanishni boshlash, yo`nalishni o`zgartirish (qayrilib olish) va to`xtashdan oldin bajarilayotgan manyovr xavfsiz ekaniga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishi kerakligi, relssiz transport vositasining haydovchisi yo`lning chorrahadan tashqari joyida qayrilib olishda qarama-qarshi yo`nalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga yo`l berishi shart ekanligi to`g`risidagi qoidalar talablarini buzgan.

Haydovchi yo`nalish bo`yicha yo`lning qarama-qarshi tomonidan “Neksiya-2” rusumli avtomashina harakatlanib kelayotganini ko`rgan bo`lsa-da, unga yo`l bermay, o`z boshqaruvida bo`lgan avtomashinani qayrilib olish uchun harakatni davom ettiradi.

Oqibatda “Neksiya-2” avtomashinasi yuk avtomashinasining orqa o`ng tomon burchagiga to`qnashib, yo`l-transport hodisasi va yong`in kelib chiqqan.

Fuqaro A. “Neksiya-2” rusumli avtomashina haydovchisi va undagi yo`lovchilarning hayoti xavf ostida qolgani va o`zini o`zi himoya qilishdan mahrum bo`lganini to`liq anglagan bo`lsa-da, jabrlanuvchilarga yordam ko`rsatmasdan hodisa sodir bo`lgan joydan ketib qolgan.

Yo`l-transport hodisasi oqibatida “Neksiya-2” rusumli avtomashina haydovchisi Z. va avtomashinada bo`lgan 6 nafar fuqaro voqea joyida vafot etishgan.

Sudlanuvchi A., sud majlisida aybiga qisman iqror bo`lib, hodisa ro`y bergan paytda urilgan avtomashinadan yong`in chiqqanini ko`rgani, qo`rqqanidan hodisa joyidan ketib qolgani, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoitining og`irligini bildirib, suddan engillik berishni so`ragan.

2019 yil 7 fevral kuni sud sudlanuvchiga nisbatan jazo tayinlash masalasini muhokama qilar ekan, uning qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini nazarda tutilgan jazoni engillashtiruvchi holat deb, jinoyatni mastlik holatida sodir qilganini nazarda tutilgan jazoni og`irlashtiruvchi holat deb hisoblab, amaldagi qonun va Oliy sudi Plenumining ko`rsatmalariga amal qilgan holda, sudlanuvchi A.ni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga ko`ra aybdor deb topdi.

Shu tariqa O`zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

R.Xudoyberdieva,

Jinoyat ishlari bo`yicha

Navoiy viloyat sudi sudyasi

    Boshqa yangiliklar