1

Bu yil yoshlar jinoyatchiligi keskin kamayadi(mi)?

Jinoyat 13.02.2019, 10:35
Bu yil yoshlar jinoyatchiligi keskin kamayadi(mi)?

Tilni nojo`ya ishlatish halokatga, qo`lni nojo`ya ishlatish esa jinoyatga yo`liqtiradi. Biz uchun hayot-mamot masalasi sanalgan bola tarbiyasida sergaklik, oqillik va odilonalik muhim o`rin tutadi. Bir qarashda mayda-chuydadek ko`ringan kichik kamchiliklar vaqti kelib katta muammolarni keltirib chiqarishi turgan gap. Tarbiya bilan bog`liq har qanday muammoning tubida loqaydlik, befarqlik va mas`uliyatsizlik yotadi. Ota-onalar vaqt bemahal bekorchilikdan ko`cha-ko`yda maqsadsiz yurgan farzandi bilan qiziqmasa, unga mehr bermasa, e`tibor qaratmasabunday yoshlarning taqdiri ne kechadi? Axir farzand tarbiyaning asosini ota-onasidan oladi-ku! Uning uydan chiqib ketayotganini ota-onasi ko`rmadimikan degan savol tug`iladi beixtiyor.

Kun sari kengayib borayotgan internet kafelarda o`smir yoshlarning nima bilan mashg`ulligi nafaqat ota-onani, balki butun jamiyatni sergaklantirishi lozim. Chunki, ularning o`ynayotgan o`yinlari vahshiylik, shafqatsizlik va jangarilikni targ`ib qilmoqda. Tungi klublarda ham navqiron yigit-qizlarimizning telbanamo raqslari, giyohvandlik, ichkilik ta`siridagi o`zaro bahs hamda tortishuvlari turli jinoyat va huquqbuzarliklarni keltirib chiqarmoqda.

Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirish, voyaga etmaganlar orasida ma`muriy va mayda bezoriliklarni barvaqt oldini olish, harbiy xizmatdan qaytgan yoshlarning bandligini ta`minlash maqsadida O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan har oyning oxirgi 10 kunligida hududlarda “Barchasi o`z qo`lingda” shiori ostida targ`ibot dekadasi o`tkazilmoqda. Mazkur dekadaga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya mas`ul xodimlari, tuman (shahar)lardan shakllantirilgan 1 ming 750 nafar targ`ibotchi yoshlar hamda 7 ming 600 nafar ko`ngilli yoshlardan iborat “Fidokor yoshlar” patrul guruhlari ishtirokida 197 marotaba tungi reydlar o`tkazildi. 87 ta ta`lim muassasasida “O`quvchi”, “Tig`” profilaktik tadbirlari tashkil etilib, 780 nafar voyaga etmagan va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. 120 nafar yosh ta`limga qaytarilib, 34 nafar farzandlarining ta`lim olishiga to`sqinlik qilgan ota-onalarga ma`muriy bayonnomalar tuzildi.

Targ`ibot dekadasi doirasida tarbiyasi og`ir va jinoyat sodir etishga moyil bo`lgan 93 nafarga yaqin yoshlar bilan yakka tartibda suhbatlar uyushtirilib, ular tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.

Mahallalardagi 530 nafar jinoyat sodir etishga moyil bo`lgan va tarbiyasi og`ir yoshlar ishtirokida joylarda 156 marotaba “street sport”, “workout” sport musobaqalari o`tkazildi, hududlardagi 92 ta harbiy qismlarda harbiy askarlar bilan uchrashuvlari tashkil etildi.

Shuningdek, dekada doirasida yoshlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini yuksaltirish maqsadida hududlardagi yoshlar markazlari, ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, korxona, tashkilotlardagi 29 ming 710 nafar yoshlarni jalb etgan holda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasining mazmun-mohiyati bo`yicha 603 marta targ`ibot tadbirlari tashkil etildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2019 yilning yanvar oyi holatiga ko`ra yoshlar jinoyatchiligi 429 marta kuzatilgan bo`lib, o`tgan yilga nisbatan 48,8 foizga (2018 yilda 838 ta) kamaygan. Voyaga etmaganlar tomonidan esa joriy yilning yanvar oyi davomida jami 28 ta jinoyat sodir etilgan bo`lib, o`tgan yilga nisbatan 20 foizga kamaygan (2018 yilda 35 ta).

— Mazkur dekada doirasida o`tkazilayotgan loyihalar yoshlarning, ayniqsa tarbiyasi og`ir va jinoyat sodir etishga moyilligi bo`lgan yoshlarga mo`ljallangan loyihalar bo`lib, har bir dekada yakuni bo`yicha olib borilgan ishlarning natijadorligi, samaradorligi tahlil etib borilyapti. Shuningdek, har bir mavsumga qarab, oshgan jinoyatchilikning turlariga qarab dekadalardagi loyihalar o`zgartirib boriladi. Bu orqali joylarda jinoyatchilikni keskin kamaytirish choralari ko`riladi, – deydi O`zbekiston yoshlar ittifoqi bo`lim mudiri Akmal Alimov.

Bundan tashqari jazoni ijro etish muassasalaridagi jazo muddatini o`tayotgan yoshlar bilan ishlash, ularni sog`lom hayotga etaklash masalasiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, jazoni ijro etish muassasalaridagi jazo muddatini o`tayotgan yoshlar uchun fan, kasb-hunar va sport to`garaklarini tashkil etish bo`yicha O`zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi Respublika yoshlar markazi hamda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan qo`shma qaror ishlab chiqildi. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida 8 ta yo`nalishda to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yildi.

Joriy yilning fevral oyidan boshlab 26 turdagi fan, kasb-hunar, sport va chet tillari bo`yicha to`garaklar o`tishni boshlash hamda shu orqali yil davomida 2 ming nafarga yaqin jazo muddatini o`tayotgan yoshlarni qamrab olish rejalashtirildi.

Fevral oyining targ`ibot dekadasi Xorazm viloyatining Bog`ot, Hazorasp tumanlari va Urganch shahrida boshlandi. Yanvar oyi davomida dekada sabab 22 nafar voyaga etmagan yosh Ichki ishlar boshqarmasi profilaktik nazoratidan chiqarilgan edi. Bu galgi dekadada yoshlarning tungi vaqtda ko`ngilochar joylarda bo`lishini oldini olish, dars vaqtida o`quvchilarning besabab dars qoldirmasliklari uchun “O`quvchi”, “Davomat” va “Tig`” reydlarini o`tkazish ko`zda tutilgan. Shuningdek, vohaning boshqa shahar va tumanlarida ham tungi reydlar davom etadi...

Shahnoza Nurullaeva

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1