“O`zbekiston havo yo`llari” Milliy aviakompaniyasi 12-13 fevral kunlari Tel-Avivda bo`lib o`tgan “International Mediterranean Tourism Market“ XXV Xalqaro turizm ko`rgazmasida ishtirok etdi.
Isroilda o`tkazilgan turizm sohasidagi mazkur tadbir har yili o`z maydonida soha etakchilarini yig`ib, turizm sanoatining ham mintaqaviy, ham global trendlarini taqdim etadi.
“O`zbekiston havo yo`llari” MAK xabariga ko`ra, ko`rgazmada Isroil turizm bozorining vakillari bilan bir qatorda, dunyoning ko`plab mamlakatlarining aviakompaniyalari, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalari o`zlarining turistik takliflari bilan ishtirok etgan.
Milliy aviakompaniyamizning ko`rgazma stendida aviakompaniyaning parvozlar geografiyasi, samolyotlar parki, parvozlar jadvali, Toshkent orqali janubiy-sharqiy Osiyo mamlakatlariga uchuvchi tranzit yo`lovchilar uchun qulay kesishuvlar va sayyohlik yo`nalishlari haqida keng ma`lumot taqdim etilgan.
Milliy aviakompaniyamiz vakillari ko`rgazma doirasida tashkil etilgan “vorkshop”, seminar va matbuot anjumanlarida ishtirok etdilar.
Ko`rgazma doirasida yurtimiz vakillarining xorijlik kompaniyalar bilan uchrashuvlar o`tkazish yuzasidan kelishuvlar amalga oshirildi.






