Bugun Germaniyaning Mannhaym shahrida O`zbekiston tasviriy va amaliy san`ati namoyishiga bag`ishlangan ko`rgazma o`z ishini boshladi, deb xabar berdi O`zA.
Germaniyadagi "OPASCA GOS" kompaniyasi va uning mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etilgan tadbir ikki davlat o`rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ayniqsa, bunday munosabatlarda tasviriy va amaliy san`at namoyondalarining ijodiy faoliyati alohida o`rin egallaydi.


Ko`rgazma ekzpozisiyasidan taniqli rassomlar Mariya Korovina, Muhammad Fozil va Murod Fozilning ijod namunalari joy olgan.
– Maqsadimiz nafaqat O`zbekiston tasviriy san`ati, balki amaliy san`at, hunarmandchilik va dizayn yo`nalishlarida yaratuvchanlikni targ`ib qilish, nemis xalqini bu zaminning o`ziga xos milliy udumlari singdirilgan asarlardan bahramand etishdir, – dedi mazkur loyiha tashkilotchisi Lev Sverdlov. – Ko`rgazmada qirqdan ortiq tasviriy san`at asarlari taqdim etilmoqda. O`ylaymanki, bunday ijodiy hamkorlik yangi asarlar yaratilishiga turtki bo`ladi.








