29 oktyabr kuni Afg`oniston Islom Respublikasining “Da Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) ijrochi direktori janob Omonullo G`olibdan “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.Isaqulov nomiga rasmiy maktub kelib tushdi. Unda yozilishicha, elektr energiyasi eksporti bo`yicha imzolangan elektr energiyaning shartnomaviy miqdori tushib ketganiga ayni paytda ikkita omil ta`sir ko`rsatmoqda. Birinchisi, Bog`lon viloyati hududida jangarilar tomonidan olib borilayotgan jangovar harakatlar oqibati, ikkinchisi Afg`onistondagi iqlim sharoiti xususan meteorologik va gidrologik sabablar (qor-loy ko`chkisi, kuchli shamol) o`tgan yilgi mavsumga nisbatan keskin tus olayotgani. Shunga qaramay, “DABS” shirkati muhandislari ta`mirlash-tiklash ishlarini olib bormoqda, deyiladi bir nechta fotosuratlar ilova qilingan maktubda.

Bundan tashqari, 28 oktyabr kuni soat 11:53 dan 19:07 gacha va 29 oktyabr kuni soat 10:00 dan to hozirgi paytgacha Afg`oniston energetiklari tomonidan olib borilayotgan texnik ta`mirlash ishlari xavfsiz bajarilishini ta`minlash maqsadida “Puli-Xumri” va “Chimtala” podstansiyalarini bog`lovchi 220 kV.lik havo elektr uzatish tarmog`ining ikkinchi zanjiri o`chirilgani ma`lum qilingan. Demak, o`z-o`zidan ma`lumki, bu vaqt oralig`ida Afg`oniston Islom Respublikasiga eksport amalga oshirilmadi va bu holat hanuzgacha davom etmoqda.

Qisqa qilib aytganda, O`zbekistondan Afg`onistonga amalga oshirilayotgan elektr energiyasi eksporti masalasida barqarorlik mavjud emas. Qariyb 40 yil davomida notinch mamlakat sifatida tilga olinadigan diyorda nafaqat energetika, balki barcha sohalarda barqarorlik hukmron bo`lishidan mintaqa davlatlari qatori bizning mamlakatimiz ham manfaatdor.
Shu nuqtai nazardan “O`zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning Axborot xizmati Afg`oniston hukumati uzluksiz elektr ta`minotini tiklashda zarur choralarni ko`rib, mavjud muammolarni bartaraf etadi, deya umid bildiradi. Qo`shni mamlakat sanoati, tibbiy muassasalari, aloqa, ta`lim va madaniyatida, umuman olganda, elektr energiya bilan chambarchas bog`liq barcha jabhalarida barqarorlik davom etishi davlatimiz va jamoatchiligimiz diqqat-etiborida ekanligi bugungi beqaror dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi, deya xabar qiladi jamiyatning Axborot xizmati.






