29 oktyabr kuni soat taxminan 20:10 da noma`lum shaxs Andijon shahri, Boburshoh ko`chasi, 24-uyda joylashgan “Karaoke 777 bar” nomli kafe oldida fuqaro A.O. tomonidan qarovsiz qoldirilgan “Damas” rusumli avtomashinaning orqa eshigi ochiqligidan foydalanib, avtomashinani noma`lum tomonga olib qochgan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 30 oktyabr kuni Andijon shahri bo`yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan noma`lum shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Andijon viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, ushbu jinoyatni voyaga etmagan M.X. sodir etganligi aniqlanib, u olib qochilgan “Damas” rusumli avtomashinani Xo`jaobod tumani, Uzun ko`chada boshqarib ketayotgan vaqtida YHXB xodimlari tomonidan ushlangan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko`ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi.