Xabaringiz bor, internet tarmog`ida 1 dekabr kuni Toshkent viloyati, Qibray tumanida bir oilaning 16 nafar a`zosi is gazidan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani, jabrlanganlarning 11 nafari bolalar ekanligi haqidagi xabar tarqatildi. Bu bo`yicha Tergov departamentining ham rasmiy ma`lumoti taqdim etildi.
Shundan so`ng «Hududgazta`minot» AJ rasmiy munosabat bildirib, sodir bo`lgan ko`ngilsiz voqea is gazi sababli yuzaga kelmagani ma`lum qilgan edi.
Ayni paytda Bosh prokuratura Qibray tumanidagi is gazidan zaharlanish holati yuzasidan bayonot berdi.
Unga ko`ra, 2019 yil 01 dekabr kuni Qibray tumani tez tibbiy yordam xizmatiga Alisherobod MFY, Erta tong ko`chasi, 16-uyda yashovchi fuqaro G`.Berdievning oilasi is gazidan zaxarlanganligini haqida xabar kelib tushgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma`lumotnomasiga ko`ra, G`.Berdievning 7 nafar oila a`zolarida “is gazidan o`tkir zaharlanishning engil darajasi” tashxisi va qonlaridan 9-14 foiz darajada is gazi miqdori aniqlanib, ularga toksikologiya bo`limi tomonidan tibbiy yordam ko`rsatilgan.
Shuningdek, fuqaro G`.Berdievning qolgan 9 nafar oila a`zolarining qonidan 6-8 foiz darajada is gazi miqdori aniqlangan bo`lsa-da, o`tkir zaxarlanish tashxisi qo`yilmagan.
Barcha bemorlarga tegishli tez-tibbiy yordam ko`rsatilgan va yashash manziliga ambulator davolanish uchun qaytarilgan.
Mazkur holat bo`yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.