Qashqadaryo viloyati Kitob tumani, “Birlik” MFY, “Qalmoq” qishlog`ida yashovchi yashovchi fuqaro Sh.A o`g`li DXX Qashqadaryo viloyati Kitob tumani bo`linmasi boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, arizasida Kitob tumani, “Xo`jailmkoni” qishlog`ida yashovchi fuqaro Sh.Mirzaev unga nisbatan ish faoliyati va oilaviy holati bilan bog`liq obro`sizlantiruvchi ma`lumotlarni yig`ib, internet tarmog`i orqali tarqatib yuborishini aytib qo`rqitib, undan tovlamachilik yo`li bilan 1000 AQSh dollari berishni talab qilgan. Bu haqda "darakchi.uz"ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Mazkur xolat yuzasidan 2019 yil 15 dekabr kuni soat 17-30 larda Departament va DXXning viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.Mirzaev va Kitob tuman 44-sonli umumiy o`rta ta`lim maktab deriktori X.Olar Kitob tumani, “Xo`jailmkoni” qishlog`idagi 44-sonli maktab yonida ariza muallifidan kelishilgan 1000 AQSh dollari hisobidan 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
O`rganishda, gumon qilinuvchi Sh.Mirzaev blogerlik faoliyati bilan shug`ullanib kelib, ariza muallifi Sh.Aning opasi K.Aning to`yida erkak kishi bilan “vals” raqsiga tushganligini tasvirga tushirib, “Feysbuk” va “Telegramm” ijtimoiy tarmoqlariga tarqatganligi, uning sayyor qabulga mast holda borganligini tasvirga olib, “Feysbuk” va “Telegramm” ijtimoiy tarmoqlariga, “Kitob tumanida bolalarga qurtlagan jigar va go`shtdan ovqat tayyorlab berilayotgani haqida”gi ma`lumotlarni “Feysbug” tarmog`iga, 2019 yil yoz oylarida “Xo`jailmkoni” qishlog`ida suv ta`minoti uchun mablag`lar ajratilgan bo`lsada, loyqa suv ichilayotganligi va “Xo`jailmkoni” ziyoratgohi qarovsiz holga kelganligi haqidagi holatlarni ham tasvirga olib, “Ozodlik” radiosi tarmog`i orqali tarqatganligi va boshqa ma`lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib kelayotganligi aniqlangan.