To`rtko`l tumani xalq ta`lim bo`limi metodisti G.M. fuqaro S.J.dan uning o`g`lini Qozog`iston Respublikasidagi oliy o`quv yurtlaridan biriga tanishlari orqali o`qishga kiritib qo`yish evaziga 2 700 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Hayot Shamsutdinov “Darakchi.uz” nashriga xabar berdi.
Holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan prokuratura va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan G.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.