Muqaddam bir necha bor sudlangan lo`li millatiga mansub 19 yoshli qiz xavfli residivist bo`lgani holda, o`rgangan ko`nglini o`rtanishiga yo`l qo`ymaydi...
2018 yil 13 iyul soat taxminan 18.00 larda Chust tuman, “Xisorak” MFYda yashovchi fuqaroning uyiga hech kim yo`qligidan foydalanib, bog` eshigi orqali kiradi. Bir dona bozor narxi 2.500.000 so`mlik noutbuk va uning quvvatlovchi moslamasini o`g`irlaydi.
Bundan tashqari, 2019 yil 1 mayda Kosonsoy tumaniga tilamchilik qilish maqsadida borib, Kosonsoy tumani, Qorasuv mahallasida yashovchi fuqaroning uyida hech kim yo`qligini bilib, uyga devor oshib kiradi. Narxi 1.600.000 so`mlik televizorni divan ustiga to`shab qo`yilgan choyshabga o`rab olib chiqib ketgan.
“AYBIMGA IQRORMAN”
Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`lgan...
- Dastlabki tergovda bergan ko`rsatmamni to`liq tasdiqlayman. Ota-onam vafot etgan. Hozirda buvimning qaramog`ida yashayman. Ukalarimni boqish uchun tumanlarga tilanchilik qilish maqsadida borib turaman. 2018 yil iyulning o`rtalarida Chust shahriga kirishdagi birinchi avtomashinalar aylanib turadigan joyda tushib qoldim. Pastki tomondagi ko`chaga qarab yurdim va xonadonlarga kirib ehson so`radim. Shu ko`cha bo`ylab to`g`ri borgan vaqtimda to`g`riga va chapga dala tomon yuradigan yo`lda bir xonadonda hech kim javob bermadi. Qornim og`rib qolgani uchun hojatxonaga kirdim. So`ng uyda hech kim yo`qligi sabab, uyga kirdim. Gilam ustida noutbuk turganini ko`rib, zaryadlovchi qurilmasi bilan olib uydan chiqib ketdim. Pul kerakligi sababli o`g`irlagan noutbukimni 500.000 so`mga sotdim.
2019 yil 1 mayda Kosonsoy tumaniga borib tilamchilik qilib yurganimda, xuddi avvalgidek xonadonlardan biridan hech kim chiqmadi. So`ng devordan oshib ichkariga kirdim. Xonalarga birma-bir kirib chiqdim. Televizor turganini ko`rib, matoga o`rab olib chiqib ketdim. Televizorni Andijondagi Asaka degan joyiga olib borib, 400.000 so`mga sotdim. Pullarni o`z ehtiyoji uchun ishlatdim. Qlmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Aybimga iqrorman, jabrlanuvchilarga etkazilgan zararni to`liq qoplab berdim.
“IIBga ARIZA BILAN MUROJAAT QILDIM”
Birinchi jabrlanuvchi sudda dastlabki tergovda bergan ko`rsatmasini to`liq tasdiqlagan...
- 2018 yil 13 iyulda qarindoshinikiga to`y bo`layotgani sababli uyida bo`lmaganman. To`ydan qaytgach, noutbuk o`g`irlanganini bildim. Holat bo`yicha tuman IIBga ariza bilan murojaat qildim. So`ng 2019 yilning mayida o`g`rini aniqlashdi. Sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da`vom yo`q.
“TELEVIZORIM YO`QLIGINI PAYQADIM”
Ikkinchi jabrlanuvchi ham sudda, dastlabki tergovda bergan ko`rsatmasini tasdiqladi...
- 2019 yil 1 may kuni ertalabki soat taxminan 07:15 larda uyimning eshiklarini va darvozani qulflab ishga ketdim. Shu kuni soat taxminan 14:00 larda hamkasbim bilan birgada uyga qaytdim. Kirish darvozaning katta tabaqasi ochiq holatda turganini ko`rdim. So`ng uyga kirib xonalarni ko`zdan kechira boshladim. Shunda televizori va divan ustiga to`shalgan choyshab ham yo`qligini payqadim. Mazkur holat bo`yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berdim. So`ng tuman IIB xodimlari kelib voqea joyini ko`zdan kechirishdi. Kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishdi. Hozirda etkazilgan zararning 2/3 qismi qoplandi. Etkazilgan zararning qolgan qismidan ixtiyoriy voz kechdim. Sudlanuvchiga nisbatan hech qanday da`vom yo`q.
“3 YIL SINOV MUDDATI BELGILANDI”
S.Badriddinov, jinoyat ishlari bo`yicha Chust tuman sudi raisi:
- Sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
JKning 59-moddasi 8-qismi va 60-moddalari tartibida, jinoyat ishlari bo`yicha Mingbuloq tuman sudining 2018 yil 5 dekabr kunidagi hukmiga asosan tayinlangan va jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudining 2019 yilt 18 oktyabrdagi ajrimi bilan o`zgartirilgan, sinovning shartliligi bekor qilib, to`lanmay qolgan 446.625 so`m jarima jazosi to`liq, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo`shib, uzul-kesil 446.625 so`m jarima jazosi hamda 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan, sudlanuvchini dastlabki qamoqda o`tirgan 98 kunini qamoqning bir kunini bir kunga hisoblab, 4 yil 10 oy 22 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga qoldiridi.
Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksi 72-moddasini qo`llab, shartli hukm qilinib, 3 yil sinov muddati belgilandi.
Jinoyat natijasida etkazilgan zararni qoplash maqsadida sudlanuvchi sudlanuvchi tomonidan Namangan viloyat IIBning hisob raqamiga topshirilgan 500.000 so`m pullar jabrlanuvchiga qaytarilishi belgilandi.
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist






