Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzaev ayni paytda O`zbekistonda bo`lib turgan epidiemik vaziyatdan kelib chiqib, vohaliklarga murojaat qildi:
"Qadrli yurtdoshlar, vohamiz fuqarolari!
Koronavirus infeksiyasini tezroq bartaraf qilish, karantin davrida fuqarolar xavfsizligini ta`minlash va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta`minlash maqsadida viloyat komissiyasi tomonidan bir qator tadbirlar belgilandi.
Jumladan, yo`lovchi tashish transporti qatnoviga bosqichma-bosqich cheklov kiritilmoqda.
Bugundan boshlab dehqon bozorlaridan tashqari barcha bozor va savdo komplekslari faoliyati cheklanadi.
Umumiy ovqatlanish korxonalari, kafe, bar va to`yxonalar faoliyati to`xtatiladi.
Fuqarolarning ko`pchilik (2 kishidan ortiq) bo`lib to`planishi, tibbiy himoya vosita - niqobsiz yurishlariga yo`l qo`yilmaydi. Shuningdek, ehtiyoj bo`lmaganda ko`chaga chiqmaslik tavsiya qilinadi. Ayniqsa, keksa yoshli kishilarning uydan tashqariga chiqishi maqsadga muvofiq emas.
Shu o`rinda, iste`molchilarga qulaylik yaratish maqsadida foydalanilgan elektr energiyasi va gaz uchun barcha to`lov tizimlari hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib to`lovlarni amalga oshirishlari mumkinligini eslatib o`tamiz.
Mazkur sinovli kunlarda xalqimizga har tomonlama yordam berib, saxovatlarini ayamay muruvvat qo`lini cho`zayotgan, xayrli tadbirlarni amalga oshirayotgan qashqadaryolik tadbirkor va ishbilarmonlarga, bag`rikeng insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
Bu borada o`rnak ko`rsatayotgan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg`armasi viloyat bo`limi vakillariga, Respublika ma`naviyat-ma`rifat markazi viloyat bo`limi rahbari Lola Saodatovaga, dexqonobodlik tadbirkorlar Barno Xoliqulova va Sojida Eshmatovaga, chiroqchilik tadbirkor G`anisher Jalolovga hamda Qarshi shahridagi “Mag`zon” mahallasi raisi Samandar Ziyodovlarga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.
Toshkentda ta`lim olayotgan farzandlarimizni tezlik bilan olib kelish tashabbusini qo`llab-quvvatlab va ularni betalofat manzillariga etkaziishda munosib hissa qo`shgan - viloyat transport boshqarmasi va yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbarlariga, viloyatdagi yo`lovchi tashish xizmati bilan shug`ullanuvchi tadbirkoru haydovchilarga katta rahmat deymiz.
Shuningdek, bozorlar va savdo komplekslarida tunu kun mehnat qilayotgan, xalqimizga sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berayotgan, qanchalik qiyin bo`lishiga qaramasdan narx-navoni barqaror ushlab turishda jonbozlik ko`rsatayotganlarning, ya`ni savdo kompleksi va bozorlar rahbarlari, sotuvchilar, qassob va nonvoylarning mehnatini yuksak qadrlaymiz.
O`z hayotini xavfga qo`yib bo`lsa-da, aholi salomatligini saqlash, karantindagi yurtdoshlarimiz uchun kunni – kun, tunni - tun demasdan qayg`urayotgan TIBBIYoT XODIMLARIning fidokorona mehnatlari oldida ta`zim qilamiz, ularga yaratgandan kuch-quvvat va sabr-bardosh tilaymiz.
AZIZ VOHADOShLAR! Yaratganning inoyati bilan bu sinovli kunlar, albatta, ortda qoladi. Bizga elkadosh bo`layotgan insonlarga “Saxovatli ishlaringizning ajrini ko`ring, kam bo`lmang” deymiz. O`z sog`ligi uchun qayg`urayotgan va yonidagi insonlarni asrash uchun kamarbasta bo`layotganlarni qancha e`tirof etsakda kam.
Biz bir yoqadan bosh chiqarib, elkama-elka bo`lib, albatta, G`OLIB bo`lamiz! O`zingiz va yaqinlaringizni asrang!"