AsosiyJamiyat

Kattaqo`rg`onda elektr o`chishi oqibatida 35 ming AQSh dollari zarar ko`rgan tadbirkorga etkazilgan zarar undirib beriladigan bo`ldi

'Kattaqo`rg`onda elektr o`chishi oqibatida 35 ming AQSh dollari  zarar ko`rgan tadbirkorga etkazilgan zarar undirib beriladigan bo`ldi'ning rasmi

Avvalroq, Samarqand viloyati Kattaqo`rg`on tumanida elektr tarmog`idagi uzilishlar sabab tadbirkorning issiqxonasidagi chet elga eksport qilinadigan sabzavotlar nobud bo`lgani, ko`rilgan zararning taxminiy miqdori 35 ming AQSh dollari ekani haqida xabar qilingan edi. 

Ushbu holat o`z isbotini topdi, deya yozdi "zarnews".

 Jumladan, “Kattaqo`rg`on Valijon parranda” MChJ raisi M.Ulug`murodov 2020 yil 18 noyabrdan 19 noyabrga o`tar kechasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan 6 soat mobaynida elektr energiyasi uzib qo`yilishi oqibatida 1 gektar maydondagi issiqxonada ekilgan pomidor muzlab qolishi oqibatida 231 million so`m zarar ko`rganini bayon etib, Kattaqo`rg`on tumani prokuraturasiga murojaat qilgan.

Tumandagi “Murodulla bobo” fermer xo`jaligi rahbari F.Nasrullaev esa issiqxonasidagi 1 gektar maydondagi pomidor va 1 gektar erdagi bodring ko`chatlari va hosilining muzlab qolishi oqibatida 823 million so`m moddiy zarar ko`rgan.

Vaholanki, fermer xo`jaliklari va elektr tarmoqlari korxonalari o`rtasida tuzilgan shartnomaga ko`ra, ta`minotchi iste`molchiga elektr energiyasini etarli miqdorda va uzluksiz etkazib berishi lozim.

Shartnoma shartlari buzilganligi va majburiyat bajarilmagani sababli Kattaqo`rg`on tumani prokuraturasi joriy yilning 23 noyabr sanasida mazkur holatlar yuzasidan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatidan fermer xo`jaliklariga etkazilgan 1 milliard 54 million so`m moddiy zararni undirish yuzasidan Kattaqo`rg`on tumanlararo iqtisodiy sudiga da`vo arizasi kiritdi.

Tadbirkorlar manfaatini himoya qilish va ularga etkazilgan zarar undirilishi shaxsan viloyat prokurori nazoratiga olindi.

Eslatib o`tamiz, qashqadaryolik tadbirkorning chiroq o`chishi oqibatida 5000 dan ortiq parrandasi nobud bo`lgani va buning zararini kim qoplashi yuzasidan deputatlar izohi ham xabar qilingan edi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar