AsosiyJamiyat

"Bu kabi jinoyatlar avval bundanda kattaroq edi". Byudjet mablag`larini sarflashda qonun buzayotgan "kattakonlar"ga nega chora ko`rilmayotganiga izoh berildi

'"Bu kabi jinoyatlar avval bundanda kattaroq edi". Byudjet mablag`larini sarflashda qonun buzayotgan "kattakonlar"ga nega chora ko`rilmayotganiga izoh berildi'ning rasmi

So`nggi paytlarda davlat xaridlari jarayonlaridagi qonun buzilish holatlari to`g`risidagi xabarlar goh u hududda, goh bu hududda sodir bo`layotgani bo`yicha ko`plab xabarlar paydo bo`lmoqda va ular haqli ravishda ommaviy muhokamalar mavzusiga aylanmoqda. Yakunda esa ularning aksariyatida ma`lum bir normalar buzilgani aniqlangan bo`lsa-da, javobgarlik belgilash, byudjet mablag`larini ortga qaytarish masalalari ochiq qolmoqda. Mazkur muhokamalarga sabab bo`layotgan masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rasmiy munosabat bilan chiqdi.  

"Ularni jazolash kerak mazmunidagi gap-so`zlar avjiga chiqayotgan pallada qonun buzilishiga sabab bo`layotgan omillarni bartaraf etish masalasi soyada qolib ketmoqda. Shu o`rinda yana bir narsaga e`tibor qaratish lozim. Bu kabi jinoyatlar 2020 yilda ko`paygani yo`q. U oldingi yillarda ham mavjud bo`lgan va bundanda kattaroq holatlarda namoyon bo`lgan. Ammo ularning aksariyati aniqlanmay qolib ketavergan. Davlat xaridlari bo`yicha yagona axborot portalining ishga tushirilishi va u erda zaruriy ma`lumotlarning ochiqlanishi natijasida barcha xarid jarayonlari to`g`risida aholi xabardor bo`lmoqda. 

Bundan xulosa qilish mumkinki, ochiqlik, oshkoralik ta`minlansa, jazo muqarrar bo`lsa, har bir fuqaroda korrupsiyaga murosasizlik kayfiyati shakllantirilsa, jinoyatchilarning ortidan quvlab yurishga hojat qolmaydi. Hamma narsa jamiyat ko`z o`ngida va nazoratida bo`ladi.
Ushbu jarayonlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining etarli vakolatlarga ega emasligi, xususan, tergov va surishtiruv o`tkazish imkoniyatining yo`qligi kabi yana bir bahs-munozaralarga ham o`ziga xos javob bo`lmoqda. Ya`ni korrupsiya holatini aniqlangani bilan uning oldini olish, jazo muqarrarligini ta`minlash, bu jarayonga aholini faol jalb etish masalalari hal etilmasa, har qancha kurashmang, har qancha huquqbuzarni ushlamang, natijaga erishib bo`lmaydi. Qachonki, masalaga kompleks yondoshilsagina biz ushbu sohadan ijobiy natija kutishimiz mumkin. 
Shundan kelib chiqqan holda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta`minlash uchun mas`ul bo`lgan maxsus vakolatli davlat organi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. 
Agentlikning asosiy vazifasi etib, mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta`minlash, shuningdek, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori bo`lgan sohalar hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, jamiyatda korrupsiyaning barcha ko`rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklarasiya qilish tizimi joriy etish kabilar belgilangan. 
Ushbu vazifalarni bajarishda agentlikka bir qator vakolat va huquqlar taqdim etilgan. Jumladan, 
* davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o`rganish;
* korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo`yicha ma`muriy surishtiruvlar o`tkazish;
* jinoyat-prosessual qonunchiligiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini o`rganish;
* o`rganish natijalari bo`yicha faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari bo`lgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko`rish, jumladan jinoyat ishlarini qo`zg`atish uchun tegishli organlariga taqdim etish;
* ijro hokimiyati va xo`jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlari ijrosini to`xtatish yoki bekor qilish to`g`risida ko`rib chiqilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalarni kiritish;
* davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ko`rib chiqilishi majburiy bo`lgan ogohlantirishlar hamda taqdimnomalar kiritish.
 

Agentlikda tergov vakolatining yo`qligi esa agentlik mustaqilligi uchun xizmat qiladi. Boisi, agar agentlik tergov jarayonlarini amalga oshirsa, tergovni nazorat qilish funksiyasi bo`lgan idoralar yoki sud oldida qaysidir ma`noda qaram bo`lib qolishiga turtki bo`ladi. Bu esa agentlikning o`z vakolatlaridan to`liq foydalanishiga jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiya holatini o`rganish vazifasini bajarishiga to`sqinlik qiladi. 
Xalqaro nodavlat tashkilotlar hamda ekspertlar tomonidan ham korrupsiyaga qarshi kurashish uchun eng samarali vositalar sifatida ochiqlik va oshkoralik, jamoatchilik nazorati, davlat xizmatchilarining odob axloq kodekslari kabilar qayd etiladi.
Shu boisdan, dunyoning ko`plab rivojlangan mamlakatlari korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tuzilmalarining asosiy vazifasi etib korrupsiyaga shart-sharoit yaratuvchi omillarni o`rganish, monitoring va tahlil, milliy strategiyalarni ishlab chiqish va bu borada umumiy faoliyatni muvofiqlashtirib borish belgilangan. Mazkur tusdagi tuzilmalar Fransiya, Sloveniya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda mavjud. Ahamiyatlisi, ushbu mamlakatlar so`nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashishda sezilarli o`sishga erishishgan. 
Shu o`rinda yana bir jihat - korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi aniqlangan korrupsiyaviy jinoyatlarning soni bilan emas, balki fuqarolarda korrupsiyaga yo`l qo`ymaslik, uni qabul qilmaslik muhitini shakllantirish bilan baholanishi maqsadga muvofiq. Agentlikning mamlakatimizdagi boshqa korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralardan asosiy farqi ham shunda. Ya`ni ularning faoliyati qancha ko`p korrupsion jinoyatni aniqlaganiga qarab baholansa, Agentlik faoliyati korrupsion jinoyatlarning qanchaga kamaygani bilan baholanadi. 
Albatta, bunga erishish oson emas. O`zi korrupsiyaga qarshi kurashish hech qachon oson bo`lmagan. Uni mag`lub etishning aniq formulalari ham mavjud emas. Har bir davlat o`zidagi holatni to`g`ri tashxis qo`yib, uni davolasagina natijaga erishadi. Tashxis xato qo`yilishi, yoki yaxshi ishlamayotgan organni kesib tashlash bilan bu illatni davolab bo`lmaydi. 
Asosiysi, bugun jamiyatimizda uyg`onayotgan korrupsiyaga nisbatan murosasizlik kayfiyatini, jurnalist va blogerlardagi korrupsiyaga qarshi jangovar ruhni, davlat idoralari va mansabdor shaxslaridagi korrupsiya mamlakat kelajagiga g`ov sifatida qarashni yanada kuchaytirish lozim. Bugun korrupsiyaga hamma qarshi, uni yo`qotish kerakligini, u bilan mamlakat rivojlana olmasligini eng yuqori minbardagilardan tortib, aholimizning katta qismi, ziyoli qatlam, ommaviy axborot vositalari vakillari tushunib etdi. Endi yagona vazifa barcha harakatlarni birlashtish va dushmanga qarshi birgalikda kurashish lozim. 
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida mazkur jarayonlarda barcha say-harakatlarni birlashtirish, muvofiqlashtirib borish, strategik yo`nalishlarni belgilash uchun vakolat ham, qat`iyat ham mavjud", deyiladi xabarda. 

Eslatib o`tamiz, avvalroq tanish-bilishchilikka asoslangan jizzaxcha va andijoncha tender haqida xabar qilingan edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Jizzaxdagi holat bo`yicha tekshirish boshlanganini ma`lum qilgan. Shuningdek, bir necha kun avval Xorazmda 20 mlrd so`mlik davlat buyurtmasini “zamhokim”ining ukasiga tegishli kompaniya yutgani xabar qilindi.

Bundan tashqari:

  • Jizzax viloyati moliya boshqarmasi 311 mln so`mga malibu xarid qilgan;

 

  • Qashqdaryo viloyati moliya boshqarmasi 349 mln so`mga EQUINOX xarid qilgan;

 

  • Samarqand viloyati Narpay tumani hokimligi 398 mln so`mga Trailblazer LTZ-AT xarid qilgan;

 

  • Andijon viloyati hokimligi noyabr oyi boshida 325 mln so`mga malibu xarid qilgan.

 

Andijon viloyati hokimligi 2019 yil oktyabrida ham 278 mln so`mga bitta malibu olgan. Xuddi shu yili 903 mln so`mga Toyota Prado sotib olgani haqida lot joylashtirilgan. Lekin portalda boshqa shartnoma joylashtirilgan. Yana “O`zsanoateksport” AJ orqali esa Germaniyaning Daimler AG kompaniyasidan 671 mln so`mga avtoulov xarid qilgani haqida ma`lumotlar bor. Qanaqa avtoulovligi ko`rsatilmagan.

Eslatib o`tamiz, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi tomonidan Trailblazer avtomobili xarid qilingan edi. 

Mavzuga doir:

Hokimlar xizmat avtomobillarining maksimal narxi belgilab berilishi kutilmoqda

Moliya vaziri nima uchun hokimlar va boshqa amaldorlarning qimmat avtomashina olayotgani haqidagi savolga javob berdi

Qimmatbaho xaridlarini berkitgan va portalda e`lon qilmagan mansabdorlarga nisbatan javobgarlik belgilanmoqda

    Boshqa yangiliklar