Voleybol federasiyasi mansabdor shaxslari va boshqalar byudjet mablag`larini juda ko`p miqdorda talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Bosh prokuratura tomonidan mutasaddi idoralar bilan birgalikda O`zbekiston Voleybol federasiyasida byudjetdan ajratilgan mablag`larning maqsadli ishlatilishi o`rganilgan. O`rganishda, Federasiya mansabdor shaxslari va boshqalar byudjet mablag`larini juda ko`p miqdorda talon-toroj qilishgani aniqlangan.
Xususan, sobiq Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrug`iga asosan, Federasiyaga 54 nafar sportchilar bilan 23 kunlik o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazish uchun byudjetdan 445 million so`m ajratilgan, lekin amalda 10 kun o`quv-mashg`ulot yig`ini o`tkazilib, 231 million so`m byudjet mablag`lari o`zlashtirilgan. Bundan tashqari, terma jamoa va uning zaxirasi tarkibiga kiritilmagan 29 nafar sportchini turli sport yig`inlariga yuborilib, 75 million so`m mablag`lar asossiz sarflangan.
Ta`kidlanishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida byudjetga etkazilgan zararning 120 million so`mi qoplanishi ta`minlangan. Mazkur holatlar bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.






