Huquqni muhofaza qilish idoralarining xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirgan tadbirlari natijasida respublikamizda faoliyati taqiqlangan «Nurchilar» diniy ekstremistik tashkiloti a`zosi faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB xabar berdi.
1975 yilda Buxoro shahrida tug`ilgan To`xtamurodov Bobirjon Baratovich «Nurchilar» DET a`zosi bo`lib, ushbu tashkilot safida faoliyat olib borgan.
U iqtidorli yoshlarni «nurchilar» safiga jalb qilish, ularni respublikamizdagi demokratik boshqaruvga qarshi tarbiyalash, shuningdek, tashkilotga taalluqli bo`lgan ekstremistik g`oyalar bilan yo`g`rilgan materiallar va adabiyotlarni tarqatish bilan shug`ullanib kelgan.
2010-2011 yillarda bir nechta jinoiy sheriklari hibsga olingach, B.To`xtamurodov jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida Rossiya Federasiyasiga chiqib ketgan va Novosibirsk shahrida jinoiy faoliyatini davom ettirgan. Ko`rilgan qidiruv chora-tadbirlari natijasida u mamlakatmizga olib kelingan.
Sud hukmi bilan B.To`xtamurodov O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Fuqarolardan Internet tarmog`idan foydalanish jarayonida va xorijda bo`lish davomida turli taqiqlangan tashkilotlar, xususan Islom dinini niqob qilib fuqarolarni o`z safiga jalb qilayotgan ekstremistik oqimlar va terrorchilik tashkilotlari, shuningdek diniy da`vatchilarga ergashishdan ogohlantirilmoqda.






